Umr esa birovda engil, birovda og'ir kechadi. Hayot ham gohida zavqli, gohida qayg'uli, gohida jo'shqin, gohida sokin bo'ladi. Uning zavq-shavqi, sharafdorligi va baxt ifori oilada teranlashadi, oydinlashadi.
Taniqli jurnalist Muqaddas Abdusamatovaning “Oila – muqaddas” nomli kitobidan o'rin olgan maqolalarda ham Oila deb atalmish qo'rg'on bunyod etilishida muhim o'rin tutadigan insoniy fazilatlar haqida so'z yuritiladi. Onalik baxti, farzandlarni kamol toptirish davrini o'ziga xos badiiylik bilan ifodalab, o'quvchini oilani sevishga, qadrlashga undaydi.
“Tasavvur qiling, uyingizga kutilmagan mehmon keldi, deydi muallif. – Bir zumda sarosimaga tushib, chehrangiz tund bo'ldi. Bor narsangizni stolga qo'yib, dasturxon tuzadingiz. Ovqatga ham unnab ketdingiz. Uni boshlab kelgan eringiz ham, mehmon ham sizning holatingizdan xijolatda.
Va nihoyat mehmon xayrlashib chiqib ketdi. “Yomon kutmadik shekilli. Dasturxon tuzadim, ovqat qildim”, deysiz jilmayishga urinib. “To'g'ri, hamma narsa bor edi. Faqat bir narsa, mehr, odamoxunlik etishmadi”, deydi turmush o'rtog'ingiz.”
Muqaddas Abdusamatovaning mazkur kitobida aks etgan turmush lavhalari beixtiyor sizni mulohaza yuritishga, milliy qadriyat va an'analarimizga e'tiborli bo'lishga chorlasa, ajab emas.