Mehr va muruvvat- eng ulugʻ insoniy fazilat

    Mamlakatimizda 25 Sentabr 2021 2368

    Mamlakatimizda “Mehribonlik uyi” va bolalar shaharchasida tarbiyalanayotgan yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularni Yangi Oʻzbekiston kelajagi uchun munosib hissa qoʻshadigan farzandlar qilib voyaga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

    Xususan, kuni kecha Navoiy viloyat hokimligi, Milliy gvardiya Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi, Navoiy harbiy prokuraturasi, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida Tomdi tumanidagi “Tomdibuloq” OFYda 5 ta oilaviy bolalar uyi ochildi.

    Oilaviy bolalar uylarining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻz olganlar bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni kasbga yoʻnaltirish, oʻqitish, haqiqiy vatanparvar, sadoqatli, mard, halol, jasur insonlar boʻlib voyaga yetishishlari uchun bor kuch-gʻayratlarini va imkoniyatlarini safarbar etishlarini hamda bu yoʻnalishda viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari bilan aniq maqsadli chora-tadbirlarni belgilab olganliklarini alohida taʼkidladi.

    Mehr nuri taralayotgan xonadonlarning mehri daryo sohib va sohibalariga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining tashakkurnomalari, esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Bundan tashqari, Karmana tumani Oʻzbekiston MFYda yashovchi Sultonovlar oilasi esa Navoiy shahridagi “Mehribonlik uyi”dan 8 nafar tarbiyalanuvchilarni oʻz qaramogʻiga oldi. Ulardan 5 nafari qiz, 3 nafari esa oʻgʻil bolalar, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    Darhaqiqat, oʻzbek xalqiga berilgan Hazrati inson taʼrifi bugun ham oʻz nomini oqlayapti. Millatimiz tinchlik davrida ham farzandlarni boqib olish va ularga mehr berishda namuna boʻlyapti.