“Mehr” xayriya aksiyasi Rossiyadagi yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlayapti

    Ijtimoiy hayot 23 Sentabr 2020 1701

    Rossiya hududidagi 8 298 fuqaromiz “Mehr” xayriya aksiyasi doirasida moliyaviy yordam oldi.

    Moskvadagi Oʻzbekiston Elchixonasi huzurida va Rossiya hududlaridagi konsullik muassasalarida tashkil etilgan tezkor shtablar tomonidan Rossiyadagi fuqarolarimizni pandemiya davrida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha doimiy ravishda ishlar olib borilyapti.

    Xususan, 14-20-sentyabr oraligʻida Rossiyadan 6 641 nafar fuqarolarimiz vataniga qaytarilgan.

    Har xil sabablarga koʻra Oʻzbekistonga qayta olmagan yurtdoshlarimizga moliyaviy koʻmak koʻrsatilyapti. Oʻtgan hafta “Mehr” xayriya loyihasi doirasida yana 84 nafar Oʻzbekiston fuqarosi bir martalik moddiy yordam bilan taʼminlandi. Umumiy toʻlangan summa 708 360 rublni tashkil etadi.

    Yordam olganlarning 29 nafarini 2 yoshgacha bolasi bor yoki muddati 7 oydan oshgan homilador ayollar tashkil etadi. Undan tashqari 7 nafar yurtdoshimizda COVID-19 infeksiyasi aniqlangan, 48 nafari esa Rossiya OTMlarining kunduzgi boʻlimida tahsil olayotgan talabalar.

    Rossiyada Oʻzbekiston fuqarolariga “Mehr” aksiyasi boshidan toʻlangan moliyaviy yordam 61 010 352 rublni, yordam oluvchilar soni esa 8 298 kishini tashkil etadi.