“Meinhardt Group” kompaniyasi «Yangi Toshkent» loyihasida ishtirok etadi

    Urbanizatsiya 11 Mart 2023 1751

    Toshkent shahar hokimi v.b Baxtiyor Rahmonov Singapurning “Meinhardt Group” bosh direktori Omar Shahzad boshchiligidagi kompaniya mutasaddilari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sharof Rahmanov va boshqa masʼullar ishtirok etdi.

    Oʻzaro muloqot davomida «Yangi Toshkent» loyihasining konsepsiyasini va bosh rejasini ishlab chiqish masalasi muhokama etildi. Xususan, loyiha koʻlami, uni amalga oshirish bosqichlari borasida fikr almashildi.

    Omar Shahzad «Yangi Toshkent» konsepsiyasi va bosh rejasini ishlab chiqish va uni Toshkentning mavjud loyihasi bilan integratsiya qilish 4 bosqichda amalga oshirilishini, dastlabki ikki bosqichga oʻrtacha 9 oy talab etilishini bildirdi. Soʻng loyiha investorlarga taqdim etilishi va ularning talab hamda takliflaridan kelib chiqib, oʻzgartirishlar kiritilishi mumkinligini aytib oʻtdi.

    Tomonlar loyiha yuzasidan atroflicha fikr almashib, uning doirasidagi uchrashuv va amaliy muloqotlar davom etishini bildirdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.