Bu haqda Xda mamlakat Prezidenti Klaudiya Sheynbaum ma'lum qildi.
“Men Iqtisodiyot vaziriga biz ishlab chiqayotgan, Meksika manfaatlarini himoya qilish bo'yicha tarif va tarifsiz choralarni o'z ichiga olgan B rejasini amalga oshirishni topshiraman. Hech narsani kuch bilan amalga oshirmang, hamma narsani aql va qonun asosida qiling. Biz Oq uyning hududimizga bo'lgan har qanday tajovuzini va jinoiy tashkilotlar bilan aloqadalikda ayblanayotgan Meksika hukumatiga tuhmat qilishni qat'iyan rad etamiz”, deb yozdi siyosatchi.
Prezident AQShni fentanilga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi va Meksika qo'shni davlatlar bilan qarama-qarshilikni istamasligini ta'kidladi.
“Buning uchun men prezident [AQSh Donald] Trampga sog'liqni saqlash va xavfsizlik bo'yicha eng yaxshi mutaxassislarimiz ishtirokida ishchi guruh tuzishni taklif qilaman. Muammolar tariflarni joriy qilish bilan emas, so'nggi haftalarda bo'lgani kabi muzokaralar va muloqotlar yo'li bilan hal qilinadi”, deya xulosa qildi u.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Meksikaga 25 foiz, Kanadaga 25 foiz va Xitoyga 10 foizlik bojlar joriy qildi. Bu haqda Oq uy bayonotida aytiladi.
Amerika yetakchisining matbuot kotibi Kerolayn Livittning tushuntirishicha, bunday qaror noqonuniy muhojirlar tahdidi va narkotik moddalar kontrabandasi (fentanil) bilan bog'liq holda qabul qilingan, deb xabar beradi aa.com.tr.