O'zbekiston milliy matbuot markazida ijodkor Javohir Qudratov xotirasiga bag'ishlab nashr etilgan “Men mangu qolaman tushlarda” nomli kitobning taqdimot marosimi o'tkazildi.
Yosh va iste'dodli qalamkash, mohir jurnalist, o'z kasbining ustasi Javohir Qudratov chin insoniy fazilatga ega, odamoxun, kamtar, kamsuqum yigit edi. U hayotining ayni chaqnoq davrida bu dunyoni tashlab ketdi. Bu yaqinlari, do'stlari, hamkasblari qalbini chuqur qayg'uga soldi.
Tadbirda ishtirok etgan ustozlari, hamkasblari, do'stlari va shogirdlari Javohir Qudratovni samimiy, pokdil inson bo'lganini, ulkan ayriliqqa hozirga qadar ko'nika olmayotganlarini ta'kidlashdi.
Ajoyib ijodkor Javohir Qudratov xotirasiga bag'ishlab nashr etilgan kitobdan uning turli yillarda yozgan maqolalari, uni yaqindan bilganlarning xotiralari o'rin olgan.