Men namunali harbiy oila bekasiman

    Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlari oʻrtasida “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida koʻrik-tanlov oʻtkazildi.

    “Balli ayollar” koʻrik-tanlovi harbiy oila bekalarining botinida yashirin boʻlgan shunday ibratli fazilatlarni yuzaga chiqardi.

    Dastlabki shartda har bir ishtirokchi oʻzi haqida sheʼr orqali batafsil maʼlumot bergan boʻlsa, ikkinchi – “Bahru bayt” shartida xalq ogʻzaki ijodi numunalaridan kuylab qoʻshiqchilik bobidagi iqtidorini namoyish etdilar.

    Ha, ayolning qoʻli gul, deb bejiz aytishmaydi. Tanlovda ishtirok etayotgan oila bekalari oʻzlarining mana shunday qimmatli fazilatlarini “Ignadan ip oʻtmasa” sharti orqali keng omma oldida namoyish qilishdi. Yaʼni ularning tikuvchilik koʻnikmalarini qay darajada egallagani mana shu shartda sinovdan oʻtdi.

    “Biz Toʻmaris izdoshlari” sharti ham qiziqarli boʻldi. Bunda ishtirokchilar sahnada buyuk ajdodimiz – Toʻmaris siymosini jonlantirdilar. Bu shartni baholashda ishtirokchilarning aktyorlik mahorati, mavzuni qanchalik darajada ochib berolgani hamda sahna madaniyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Yakuniy natijalarga koʻra, Gulsanam Eshpoʻlatova 1-oʻrinni Egallab, koʻrik-tanlovning Mudofaa vazirligi bosqichiga yoʻllanma oldi. 2-oʻrinni Mashhura Ayosova, 3-oʻrinni esa Zilola Madumarova qoʻlga kiritdi.

    Tanlov ishtirokchilari diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

    Toshkent harbiy okrug matbuot xizmati