“Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushiriladi

    Ijtimoiy hayot 29 Aprel 2021 1190

    Prezident qarori(PQ–5094-son, 28.04.2021-y.) koʻra, vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band boʻlgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha yangi tizim yaratiladi.

    Jumladan, “barcha uchun ish” tamoyili asosida “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushiriladi.

    Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

    ● ishsizlar, ayniqsa, ayollar, yoshlar, talabalar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati, ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalarni aks ettirish;

    ● oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) hamda ularga ehtiyoji bor boʻlgan ish beruvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish;

    ● oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;

    ● oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va ularning xizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar oʻrtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish.

    Vaqtincha bir martalik ishlar toʻgʻrisidagi kunlik maʼlumotlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) toʻgʻrisidagi eʼlonlar “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydoni orqali bepul taqdim etib boriladi.

    2021-yil 1-iyulgacha yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qoʻmitasining yagona integratsiyalashgan axborot resurs bazasi bilan monitoring qilishga moʻljallangan elektron dastur ishlab chiqiladi.