“Mening kino qahramonim” – insholar tanlovi va ijodiy uchrashuvlar oʻtkazilmoqda

    Madaniyat 5 May 2022 1836

    “Asosiy maqsadimiz – har bir tomoshabin qalbiga etib borish” shiori ostida taniqli aktyor va rejissyorlar Qashqadaryo mahallalari va maktablariga tashrif buyurishdi. Qashqadaryo viloyatida kinofilʼmlar namoyishi, “Mening kino qahramonim” insholar tanlovi va madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

    Viloyatga madaniyat va sanʼat namoyandalari, jumladan, taniqli kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar ham uyushtirildi. Tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga muvofiq Qashqadaryo viloyatidagi mahallalarda madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish maqsadida tashkil etildi.

    Biz Qashqadaryo viloyatining chekka hududlarida, mahalla, guzarlar, aholi yashash punktlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan yangi kinokartinalarimizning namoyishlarini oʻtkazmoqdamiz.

    Shuningdek, oʻzbek kinosining oltin fondidan joy olgan milliy filʼmlar ham taqdim etilmoqda. Oʻzbek xalqi ushbu kinoasarlarni iliq kutib olishmoqda, deydi Kinematografiya agentligi Samarqand viloyati hududiy boʻlim boshligʻi Farmon Roziqov.

    Kinematografiya agentligi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan birgalikda rejalashtirilgan tadbirlarda faol ishtirok etib, mahallabay tizimi doirasida ijodiy uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

    Har bir mahallada “Kinoklub” ixtisoslashtirilgan avtotransportlari yordamida yangi milliy filʼmlar namoyishi tashkil etilmoqda. Qashqadaryolik hamkasblar safiga respublikaning barcha hududlaridan kinoijodkorlar qoʻshilmoqda.

    Rustam JABBOROV,

    Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi badiiy kengashi aʼzosi