Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, loyihaning ikkinchi bosqichiga 2025-yil 15-dekabr kuni start berilgan boʻlib, 10-yanvarga qadar loyihalarni shakllantirish va saralash ishlari olib borilgan. Ovoz berish bosqichi esa 11-yanvardan 20-yanvar kuni soat 23:59 ga qadar davom etadi.
2-bosqich doirasida 3- va 5-toifaga kiritilgan 96 ta tumanda joylashgan 5104 ta umumtaʼlim maktabi ishtirok etmoqda. Shuningdek, 1-bosqichda gʻoliblar aniqlanmagan 36 ta maktabga joriy yilgi ikkinchi bosqichda qayta ishtirok etish imkoniyati berilgan.
Loyiha shartlariga koʻra, 5-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilar oʻzlari taʼlim olayotgan maktabga oid loyihalarni taklif etishi hamda ushbu tashabbuslar uchun ovoz berishi mumkin.
“Mening maktabim” loyihasi umumtaʼlim muassasalarini rivojlantirish, oʻquvchilarning taklif va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ochiq platformadir. Unda maktab infratuzilmasi, taʼlim sifati va oʻquv muhitini yaxshilashga qaratilgan amaliy gʻoyalar qabul qilinadi. Loyiha doirasida eng dolzarb, innovatsion va amalga oshirishga tayyor takliflar saralanib, mukofotlanadi.
Loyihaning asosiy maqsadi — maktablarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda oʻquvchilarni taʼlim jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirishdan iborat.