Mazkur tanlov joriy yilning noyabr-dekabr oylari davomida 4 bosqichda oʻtkazildi. Unda 9 ming 872 ta maktabda taʼlim-tarbiya olayotgan 600 ming nafarga yaqin oʻquvchi ishtirok etdi. Tanlovda ishtirok etgan oʻgʻil-qizlar orasida oʻzbek tilidan tashqari rus, qoraqalpoq, tojik, turkman, qirgʻiz va qozoq tillarida ham insho yozgan oʻquvchilar borligi shu aziz Vatanimizga millatidan qatʼi nazar har bir bolaning mehri beqiyos boʻlib oʻsayotganidan dalolatdir.

Taʼkidlash joizki, 4 bosqichda tashkil etilgan mazkur tanlovning mamlakatimiz tumanlari va shaharlari miqyosida oʻtkazilgan 2-bosqichida 600 ming nafarga yaqin oʻquvchi orasidan tegishli mezonlar asosida saralab olingan 9 ming 894 nafar oʻquvchi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida oʻtkazilgan 3-bosqichida esa 207 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻquvchilar tanlovning quyi bosqichlarida “Yangi Oʻzbekiston mening nigohimda”, “Yangi Oʻzbekiston - yangi imkoniyatlar” va “Mening Prezidentim” mavzularida ijodiy salohiyatlarini namoyon etdilar.

“Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichi 2021-yilning 21-24-dekabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etildi. Tanlov dasturiga asosan, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan 45 nafar oʻquvchi va 14 nafar kuzatuvchilar tantanali ravishda kutib olinib, Oʻzbeyekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi “Chinobod Plaza” sanatoriysiga joylashtirildi. Sanatoriyda ishtirokchilar uchun barcha shart-sharoitlar taʼminlab berildi.

Tanlovning respublika bosqichi doirasida oʻquvchilarning Oʻzbekiston Parlamenti aʼzolari va ziyolilar, siyosatshunoslar, olimlar, yozuvchilar, ilm-fan arboblari bilan uchrashuvlari, shuningdek zamonaviy bunyodkorlik maskanlari hamda poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga tashriflari tashkil etildi. Xususan, oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining gʻoyasi va tashabbusi bilan innovatsion texnologiyalar asosida, Oʻzbekiston xalqining II jahon urushida koʻrsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni oʻz ichiga olgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi, Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini koʻrsatgan koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʻalabani taʼminlashga qoʻshgan munosib hissasini keng miqyosda namoyon etish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Toshkent shahrida bunyod etilgan “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlariga tashrif buyurdilar.

Shundan soʻng, ishtirokchilarning shahrimiz markazidagi zamonaviy bunyodkorlik namunasi boʻlgan Tashkent Cityga sayohatlari tashkil etildi.

Dasturga muvofiq Parlament vakillari, yozuvchilar, ilm-fan arboblari bilan oʻtkazilgan uchrashuvni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov “Yangi Oʻzbekiston meʼmori” mavzusidagi maʼruzasi bilan ochib berdi.

Kun davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev “Yangi Oʻzbekiston uchinchi Renessans ostonasida” mavzusida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, yozuvchi, jurnalist Hurshid Doʻstmuxammad “Kitobxonlik madaniyati va barkamol inson tarbiyasi” mavzusida, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator - Minxojiddin Xojimatov “Yangi Oʻzbekiston maʼnaviy taraqqiyoti konsepsiyasi” mavzusida, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedra mudiri Muqimjon Qirgʻizboyev “Yangi Oʻzbekistonda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uygʻunligi” mavzusida, Toshkent shahar hokimining jamoatchilik, mahalla va nuroniylar masalalari boʻyicha maslahatchisi, senator Rustam Kalanov “Nuroniylar eʼzozlangan yurt” mavzusida, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshidagi “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhamedova “Ayol baxtli boʻlsa, jamiyat baxtlidir” mavzusida, Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxanova “Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkori” mavzusida maʼruzalar qildilar. Uchrashuv davomida oʻquvchilar bilan interaktiv muloqot shaklida suhbat ham oʻtkazilib, oʻgʻil-qizlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

23-dekabr kuni tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasyiyasida “Mening Prezidentim” mavzusida insho yozdilar. Ularning ijodiy ishlarini baholashda inshoning reja va maqsadlari, islohotlarning mohiyatini toʻliq ochib berilganligi, siyosiy atamalardan oʻrinli va toʻgʻri foydalanilgani, soʻz boyligi va ifoda qurilishi, husnixat va insho uslubi adabiy til talablariga mosligi hamda savodxonligi, imlo yoki ishoralarning bexatoligi kabi mezonlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Barcha ijodiy ishlar, yaʼni insholar nufuzli xakamlar xayʼati aʼzolari tomonidan munosib va xolisona baholandi. Baholash natijalariga koʻra, tanlovning Respublika bosqichi ishtirokchilari orasidan 1-, 2-, va 3-oʻrin sohiblari hamda 12 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Hakamlar hayʼati qaroriga koʻra, tanlovning respublika bosqichida 3-oʻringa 2 nafar gʻolib munosib koʻrildi. Bular: Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi 2-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi – Rustamova Marvarid Umirbek qizi hamda Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 3-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi – Toʻrayeva Jasmina Sunnatullo qizi.

3-oʻrinni egallagan gʻoliblar 3-darajali diplom bilan taqdirlandi. Shuningdlek, tanlov Nizomiga koʻra, oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilingan taqdirda ularning 2 yillik shartnoma toʻlovlari toʻlab beriladi. Agarda davlat granti asosida oʻqishga kirsa, oʻsha summa oʻzlariga mukofot sifatida taqdim etiladi.

“Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida 2-oʻringa ham 2 nafar ishtirokchi munosib deb topildi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boʻzatov tumanidagi 13-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi – Saribayeva Gulferuz Boranbay qizi hamda Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidagi 6-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi – Ismatillayeva Chinigul Shavkatovna 3-oʻrinni egalladilar. Ular 2-darajali diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, tanlov Nizomiga koʻra, oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilingan taqdirda ularning 3 yillik shartnoma toʻlovlari toʻlab beriladi. Agarda davlat granti asosida oʻqishga kirsa, oʻsha summa oʻzlariga mukofot sifatida taqdim etiladi.

“Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovi Respublika bosqichining mutloq gʻolibi, yaʼni 1-oʻrin sohibi Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi – Abduhamidova Raʼno Athamboy qizi boʻldi. U 1-darajali diplom bilan taqdirlandi. Tanlov Nizomiga koʻra, oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilingan taqdirda uning 4 yillik shartnoma toʻlovlari toʻlab beriladi. Agarda davlat granti asosida oʻqishga kirsa, oʻsha summa mukofot sifatida taqdim etiladi.

Shundan soʻng gʻolib oʻquvchilarning ustozlari taqdirlandi. Xususan, tanlovning Respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan oʻquvchilarning ustozlari 10 million soʻm, 2-oʻrin sohiblarining ustozlari 20 million soʻm, 1-oʻrin sohibining ustozi 30 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Gʻolib oʻquvchilar tahsil olayotgan maktablarning rahbarlari ham tashkilotchilar tomonidan munosib ragʻbatlantirilib, ularga sovgʻa tariqasida noutbuklar taqdim etildi.

Shuningdek, tantanali tadbirda hakamlar hayʼati taklifi bilan joriy etilgan nominatsiyalar gʻoliblari ham taqdirlandi. Xususan, “Yoshlarga oid davlat siyosati yoritilgan eng yaxshi insho”, “Hududlardagi islohotlar keng yoritilgan insho”, “Ijtimoiy - iqtisodiy islohotlar keng yoritilgan insho”, “Gender tenglik masalasi keng yoritilgan insho”, “Maʼnaviy – maʼrifiy mavzudagi eng yaxshi insho”, “Oʻzbekistondagi yangi taraqqiyotni keng yoritgan insho”, “Dunyo hamjamiyatida Oʻzbekiston mavqei keng yoritilgan insho”, “Innovatsion islohotlar va bunyodkorlik ishlari keng yoritilgan insho”, “Vatan haqida eng samimiy dil izhorlari bitilgan insho”, “Tolerantlik va ilgʻor gʻoyalar keng talqin etilgan insho” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib boʻlgan oʻquvchilarga zamonaviy smartfonlar topshirildi.

Bir soʻz bilan aytganda “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovida ishtirok etgan barcha oʻgʻil-qizlarni gʻolib desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, Vatani va millati baxtu saodati yoʻlida koʻzi yonib, yuragi joʻshib turgan insonni hech kim va hech narsa yenga olmaydi! Shu bois ushbu nufuzli tanlovining respublika bosqichiga yetib kelgan barcha 45 nafar ishtirokchiga noutbuklar sovgʻa qilindi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari

Federatsiyasi Matbuot xizmati