“Mening uyim” billing tizimi ishga tushirildi

    Vazirlikning rasmiy veb-saytida “shaffof kommunal” oynasi yaratildi.

    Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi tomonidan Ko'p qavatli uylarni saqlash bilan bog'liq xarajatlar hisob-kitobini yurituvchi “Mening uyim” billing tizimi ishga tushirildi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

    Ushbu axborot tizimi orqali:

    - ko'p qavatli uylarni boshqaruvchi tashkilotlarning faoliyatini optimallashtirish va respublikadagi ko'p kvartirali uylar to'g'risidagi ma'lumotlarning markazlashgan hisobini yuritish;

    - ko'p xonadonli uylarning holati, uy-joy mulkdorlari tomonidan to'lanadigan mablag'lar, qarz miqdori, muddatini avtomatik tarzda kuzatib borish;

    - uy-joy mulkdorlaridan olingan to'lovlar to'g'risidagi barcha ma'lumotlarni yagona bazada saqlash;

    - tizimdagi uy-joy mulkdorlari o'rtasida so'rovlar o'tkazish orqali boshqaruv tashkiloti reytingini aniqlash;

    - boshqaruv tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar to'g'risidagi hisobotlarni e'lon qilib borish;

    - uy egasining shaxsiy kabinetida yangilik, xabarnoma va xabarlarni nashr etish (1 kv.m uchun narx, to'lov xabarnomalarini yuklab olish, to'lovlar tarixi, uy haqida to'liq ma'lumot, so'rov natijalari, boshqaruvchi kompaniya xizmatlari uchun onlayn to'lovlarni qabul qilish va boshqalar);

    - tijorat banklarining kassalari va elektron to'lov tizimlari (clic, paynet, upay, payme, uzcard) orqali majburiy badal to'lovlarini amalga oshirish;

    - boshqaruv tashkilotlari tomonidan 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatini tashkil etishga erishiladi.

    — Respublikada 1,3 milliondan ortiq xonadondan iborat 39 691 ta ko'p kvartirali uy mavjud bo'lib, ularga 736 ta boshqaruvchi tashkilot hamda 277 ta uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko'rsatadi, — dedi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva. — Bugungi kunga qadar “Mening uyim” yagona elektron bazasiga shirkat va boshqaruv tashkilotlar boshqaruvidagi ko'p kvartirali uylardagi 1 218 689 ta xonadon to'g'risidagi ma'lumotlar kiritildi. SHundan 731 849 tasi viloyatlar va 486 840 tasi Toshkent shahriga to'g'ri keladi. Vazirlikning rasmiy veb-saytida “shaffof kommunal” oynasi yaratildi hamda elektron reestr va elektron reyting platformasi havolasida ishga tushirildi.

    “Mening uyim” axborot tizimida ko'p kvartirali uy-joylar xonadonlarining ma'lumotlar bazasini avtomatik shakllantirish maqsadida Ko'chmas mulk ob'ektlarining kadastr raqamlariga bog'langan hamda yagona manzillar reestri bilan, shuningdek, uy-joylar mulkdorlarining qarzdorligini notarial idoralar tomonidan tekshirish uchun Adliya vazirligining ma'lumotlar bazalariga integratsiya qilingan.