Kecha soat 18-00 da “Ochiq byudjet” axborot portalida eʼlon qilingan “Mening yoʻlim” loyihasining joriy yilgi mavsumiga taklif kiritish jarayoni yakunlandi. Bu haqda iqtisodiyot va moliya vazirligining matbuot xizmati xabar beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan, tuman va byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi mazkur tizim orqali yoʻnaltiriladi va bu “Tashabbusli byudjet” jarayonlaridan farqli oʻlaroq bir yilda bir marta oʻtkaziladi.
17-aprel kuni start olgan loyihaning bu yilgi mavsumi uchun respublika boʻyicha 10 317 ta tashabbusli taklif roʻyxatga olindi. Kiritilgan takliflarga ovoz berish 28-apreldan boshlanib, 7-may kuni soat 18:00 ga qadar davom etadi.
Eslatib oʻtamiz, “Mening yoʻlim” loyihasining joriy yilgi mavsumini moliyalashtirish uchun byudjetdan 312 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan.