Merey Omonboeva – 7 kunda Prezident bilan 2 marta uchrashgan qizning dil izhori

    Ota-bobolarimiz shu muqaddas zaminni makon qilib, Aydarko'l bilan tillashib yashayotganiga ham necha asrlar bo'lgan. Nurotaning bir cheti ana shu haybatli ko'lga tutashib qudratli hislarni uyg'otadi. Mahobatli to'lqinlar, chag'alaylar, bepoyon dasht bilan sirlashib voyaga etdim.

    Bugun ham Chuqurquduqning saxovatli bag'rida o'zimni boladek sezaman. Faqat, keyingi yillarda, bu sezimlarga yangi orzular ham qo'shildi.

    Buni ilk bor oliy o'quv yurti talabasi bo'lganimda, keyinchalik muhtaram Prezidentimizning qo'lidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olganimda chuqurroq his qildim.

    So'nggi besh yilda mamlakatimizda, jumladan, Chuqurquduq kabi olis qishloqlar aholisi hayotida yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlar barchamizni, yoshu qarini to'lqinlantirib yubordi.

    Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida esa hayotimda juda muhim o'zgarishlar bo'ldi. Etti kun ichida Prezidentimiz bilan ikki marta uchrashish baxti nasib etdi.

    20 avgust kuni Yurtboshimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ishtirok etib, katta motivatsiya bilan qaytgan edim...

    Prezidentimizning mustaqillik kuni oldidan Navoiyga tashrif buyurgani navqiron viloyat ahli uchun zo'r tantana, bayram sovg'asi bo'ldi.

    O'zbekistondagi ilk quyosh foto elektr stantsiyasi ochilish marosimida davlatimiz rahbari ham ishtirok etdi.

    Bu tarixiy tadbirda jam bo'lgan muhandis-quruvchilar, chet ellik investorlar, nuroniylar, tadbirkorlar, yoshlar, xullas keng jamoatchilik vakillari qatorida men ham bor edim.

    Prezidentimiz har galgidek tayyorlanmaganlar gapirsin, deganida hayajon bilan qo'l ko'tardim. Orqada o'tirgan bir opani va meni chaqirdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, davlat rahbari bilan bemalol, rasmiyatchiliksiz, juda samimiy muloqot qildik.

    Yosh tadbirkor, chorvachilik klasteri rahbari ekanimni, qishloqda oilaviy bog'cha ochganimni, shuningdek, biznes yo'nalishida trenerlik qilishimni aytar ekanman Prezidentimiz menga mehr va ishonch bilan qarab turganini ko'rib, yanada ruhlandim.

    Aydarko'l kengliklarida katta bo'lganman. Dangal tabiatli qizman, qozoqcha aytganda “to'q etarini” shartta-shartta gapiraman. Davlatimiz rahbari bilan muloqotimizda ham bu xarakterim qo'l keldi shekilli, ochiqchasiga gapirdim.

    Ilgari tuman hokimlarining yaqiniga yo'lab bo'lmasdi. Biz hozirgi ochiqlik siyosatidan foydalanib, kerak bo'lsa, vazirlar bilan bemalol gaplashyapmiz. Biron muammo bo'lsa to'g'ri viloyat hokimiga aytamiz, dedim.

    Rosti ham shu-da. Keyingi yillarda berilgan bunday imkoniyatlardan foydalanib, o'z biznesimni yo'lga qo'ydim. Yuqorida aytganimdek, 2018 yilda chorvachilik klasteri tashkil qildim. 150 gektar er maydoniga ega klasterda asosan qo'y-echkilar boqiladi.

    O'zimizning Chuqurquduqda shu paytgacha bog'cha bo'lmagan. Yaxshi niyat bo'lsa, imkoniyat, sharoit bo'lsa bo'lar ekan, 25 o'ringa mo'ljallangan oilaviy MTT ochdik.

    Viloyatimiz tumanlarida o'quv markazlari tashkil qilib, yoshlarni tadbirkorlik va axborot texnologiyalari sohasiga o'qitishni boshladik. Pirovardida, yuzlab yoshlar, xotin-qizlarning tadbirkorlik bo'yicha bilimini oshirdik. Ular orasidan yangi-yangi tadbirkorlar etishib chiqmoqda.

    Suhbat chog'ida Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oldidan mamlakatimizdagi 100 nafar tadbirkorga minnatdorlik xati yo'llaganini, endi ular safini 101 taga etkazib, menga ham shunday tashakkurnomaga imzo qo'yib berishini aytdi. Shu bilan birga, viloyatimiz yoshlariga minnatdorlik ramzi sifatida Prezident nomidan yurtimizda ishlab chiqarilgan engil avtomobil berilishini ma'lum qildi.

    “Yoshlarni jipslashtirib, mana shunday faol bo'ling”, deganida juda ruhlanib ketdim.

    O'sha kunning o'zidayoq barcha ijtimoiy tarmoqlarda Prezident bilan muloqotimiz videosi tarqaldi. Bu videoga bildirilgan aksariyat izohlarda xalqimiz o'z samimiy tilaklari, fikrlarini bildirgan.

    Qozog'istonda ham bu videolar 60 mingga yaqin internet foydalanuvchi tomonidan ko'rildi va juda iliq gaplar aytildi. Ammo besh qo'l barobar emas, deganlaridek, ayrim izohlarga ko'zim tushib qoldi: “Paxta qo'ymoqda”, “So'zga tayyorlangan”.

    Meni biladiganlardan so'rang. Xato, kamchiligi bor rahbar bo'lsa, yuziga shartta aytaman-qo'yaman. Agar so'zga tayyorlanganimda edi, kuchli hayajon, samimiy ohang bilan gapirmagan bo'lardim.

    Va yana bitta narsani aytmoqchiman, yaxshining yaxshiligini ko'rsatish kerak. Salbiy fikrdagilar Prezident yaratgan imkoniyatlardan foydalanganida edi, bunday gaplarni aytmagan bo'lardi.

    Ha, bugun men shunday baxtli qizman. Chunki berilgan imkoniyatlardan foydalandim, shunga yarasha yutuqlarga ham erishyapman.

    Kuni kecha Prezidentimiz va'da qilgan minnatdorlik xatini, “Nexia-3” avtomobilini viloyatimiz hokimi Qobul Tursunov tantanali topshirdi.

    Buning uchun davlatimiz rahbariga yana bir bor katta rahmat aytmoqchiman.

    – Sizdagi jo'shqinlikni ko'rib, navoiylik yoshlar shijoatiga tan berdim. Siz mening vakilim sifatida viloyat yoshlarini birlashtirib, ulardagi jo'shqinlikni oshirishga hissa qo'shsangiz, shu men uchun juda katta yutuq, – dedi davlatimiz rahbari.

    Ishontirib aytamanki, nasib bo'lsa Prezidentimizning ishonchini oqlayman. Menga berilgan bu sovg'a – avtomobil esa, viloyat yoshlari uchun xizmat qiladi. Hali buning isbotini ko'rasiz.

    Yana bir gapni aytmasam bo'lmaydi. Turli millatlar uzoq yillar og'ir sharoitlarda, qiynalib yashab kelgan olis qishloq va ovullardagi hayotni tubdan o'zgartirgani uchun ham Prezidentimizga mingdan ming rahmat.

    Merey OMONBOYEVA,
    yosh tadbirkor

    Nurota tumani Chuqurquduq qishlogʻi