Ayniqsa, vazirlar, vazir oʻrinbosarlari, hokimlar va boshqa rahbarlar joylarga borib, yoshlar bilan uchrashishi, ularning muammolarini oʻrganib, yechimiga koʻmaklashishlari toʻgʻrisida bildirgan fikrlari har bir yoshni kelajagi uchun manfaatli rejalar tuzishga undadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar orasidan iqtidorli va ilmiy salohiyatli yoshlarni aniqlash, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga shunday yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish, yoshlarning taklif va istaklarini oʻrganish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyat filiali tomonidan joylarda sohalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Namangan muhandislik-texnologiya institutida viloyat qishloq hoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan boshqaruv organlari rahbarlari, yirik klasterlar hamda sohaga taalluqli tadbirkorlar vakillari ishtirokida tashkil etildi.
Tadbirda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali rahbari Shuxratjon Toʻxtabayev soʻzga chiqib, Prezidentimizning yoshlar forumi hamda Oliy Majlisga Murojaatnomalarida yoshlarning porloq kelajagi uchun bildirgan taklif va topshiriqlari toʻgʻrisida fikr bildirib, mazkur yoʻnalishlarda yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida tushunchalar berdi.
Shu bilan birga mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar, kadrlar siyosati sohasida olib borilayotgan yangiliklar, shuningdek, nomzodlarni davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona va obyektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli shaxslarni tanlab olish hamda ularning xizmat pogʻonalari boʻyicha koʻtarilishini nazarda tutuvchi meritokratiya tamoyili qoʻllanilayotganligini maʼlum qildi. Shuningdek, Sh.Toʻxtabayev viloyatimizda ham qishloq hoʻjaligi boshqarmasida mavjud vakant lavozimlariga tanlov eʼlon qilinganligi, tanlovning bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan mutaxassislargina lavozimlarda ishlash imkoniyatiga ega boʻlganligi toʻgʻrisida soʻzladi.
Namangan viloyat hokimining qishloq va suv hoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Anvarjon Hakimov esa qishloq hoʻjaligi sohasida bugungi kunda erishilayotgan yutuqlar va mavjud muammolar, zamonaviy kadrlarga boʻlgan ehtiyoj, mahalliy xom ashyolarni (paxta va tabiiy tolalarni) qayta ishlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining amaliyot oʻtashlari uchun yaratilgan sharoitlar, kelgusida ularni ish bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida oʻz fikr va mulohazalarini bildirdi.
Tadbir yoshlarni qiziqtirgan savol-javoblar bilan davom etdi.
Tadbir davomida qishloq hoʻjaligi sohasidagi zamonaviy texnikalar va mahalliy tadbirkorlarning ishlab chiqarish mahsulotlari koʻrgazmasi ham namoyish etildi.
Ibrohim Xodjiyev,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Namangan filiali rahbari oʻrinbosari