“Meros” filmi Hindistonda oʻtkazilgan kinofestivalda yana bir mukofot bilan taqdirlandi.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Meros” filmi joriy oy Hindistonda oʻtkazilgan “Oltin tulpor” (“Golden Horse Film Festival”) xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib boʻlgan edi. Film ushbu kinofestivalda “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasi boʻyicha ham eʼtirof etildi.
— “Meros” filmining bir kinofestivalda ikkita mukofot bilan taqdirlanishi ijodiy jamoamizni xursand qildi. Bunday eʼtibor har doim ham berilavermaydi. Oʻzbek kinosining xalqaro kinofestivallarda ishtiroki koʻpayganidan mamnunmiz, albatta! — dedi film rejissyori Hilol Nasimov.
Badiiy film oʻzbek va qozoq xalqlarining abadiy doʻstligi, anʼanalari haqida hikoya qiladi. Ssenariy muallifi va rejissyor Hilol Nasimov, postanovkachi operator Husan Aliyev, kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy, postanovkachi rassom Fazliddin Turdiyev.
Mazkur film may oyida Rossiyada boʻlib oʻtgan “Zolotoy Vityaz” kinoforumida “Qozoq va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi anʼana va munosabatlarning umumiyligi mavzusini ochib bergani uchun” maxsus diplom bilan taqdirlangan.
Maʼlumot uchun, yaqin kunlarda “Meros” filmi Rossiyaning Qozon shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro kinofestivalning tanlovdan tashqari dasturida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati