“Metan” zapravkada ortiqcha toʻlagan pulingizni talab qilishga haqqingiz bor — Energetika vazirligi

    Ayrim “metan” zapravkalarda aholidan bir kubometr siqilgan gaz uchun 3800 soʻmdan pul olingani haqida maʼlumotlar tarqatildi.

    Ushbu holat Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan zudlik bilan oʻrganildi.

    Maʼlum boʻlishicha, bu holat Fargʻona shahridagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida kuzatilganligi aniqlangan.

    “Oʻzenergoinspeksiya”ning Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu AGTKSH masʼullariga tushuntirish ishlari oʻtkazildi va “metan” gazning 3 350 soʻmdan sotilishi taʼminlandi.

    Shuningdek, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ikkita AGTKSHda shunday holat kuzatilgan boʻlib, ular ham “Oʻzenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari tomonidan bartaraf etilgan.

    Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 173-sonli qarori bilan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi 2024-yil 1-iyungacha bir kub metr uchun 3 350 soʻm qilib belgilanganini eslatib oʻtdi.

    AGTKSH masʼullaridan ushbu qaror talablariga qatʼiy rioya qilgan holda faoliyat yuritishlarini, aks holda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda noqonuniy faoliyatga nisbatan tegishli choralar koʻrilishini maʼlum qildi.