Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, havo haroratining keskin pasayishi sababli tabiiy gazga boʻlgan talab oshgani bois ayrim hududlarda quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.

Aholi xonadonlari, tibbiyot va taʼlim muassasalarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi.

Shu sababli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.

Bu chora faqat sovuq kunlarda aholi uchun barqaror taʼminotni taʼminlashga qaratilgan boʻlib, vaziyat barqarorlashishi bilan cheklovlar bekor qilinadi.

Hududlardagi vaziyatga qarab qoʻshimcha maʼlumot taqdim etilishi maʼlum qilindi.

Shu bilan birga, aholi ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida ijtimoiy soha obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz taʼminoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda taʼminlanadi. Ushbu yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan transport vositalarining uzluksiz ishlashi aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi.