2025-yil 6-noyabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Turonbank” ATB, Transport vazirligi hamda Toshkent metropoliteni hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur “Turon kitob bekati” loyihasining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbir Alisher Navoiy va Paxtakor metro bekatlarining oʻtish qismida oʻrnatilgan maxsus kitob javonlari yonida tashkil etildi.
Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, “Turonbank” ATB Boshqaruv raisi Chori Mirzayev, Transport vazirligi va Toshkent metropoliteni masʼullari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, jurnalist Sherzodxon Qudratxoʻja, shuningdek, shoirlar va faol kitobxonlar ishtirok etdi.
Loyiha aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish va oʻqishga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Turon kitob bekati” javonlaridagi asarlar “Ishonch asosidagi kitob almashinuvi” tamoyiliga asoslanadi: yoʻlovchi kitobni olib, manziliga yetguncha oʻqiydi va uni boshqa bekatdagi javonga qaytaradi. Shu tariqa metro yoʻlovchilari oʻrtasida oʻqish, fikrlash va bilim almashish madaniyati shakllanadi.
Tadbirda soʻz olgan “Turonbank” ATB Boshqaruv raisi Chori Mirzayev ushbu tashabbus haqida shunday dedi:
“Bank faqat moliyaviy xizmat koʻrsatuvchi muassasa emas, balki jamiyatda maʼnaviy va madaniy qadriyatlarni rivojlantiruvchi kuchli ijtimoiy platformadir. “Turon kitob bekati“ orqali biz har bir yoʻlovchini oʻqishga undaydigan, fikrlashga chorlaydigan, maʼnaviy boylik ulashadigan muhit yaratmoqdamiz.”
“Turon kitob bekati” loyihasi orqali “Turonbank” oʻzining ijtimoiy masʼuliyatli tashabbuslarini davom ettirmoqda. Bu loyiha nafaqat kitobxonlik madaniyatini rivojlantiradi, balki jamoat joylarida maʼnaviy muhitni boyitib, yosh avlodda oʻqishga muhabbat uygʻotadi.
Zulxumor AKBAROVA







