Metrologiya: zamon talablariga hamohang tizim

    Milliy etalonlar soni 9 tadan 21 taga yetkazilib, 10 ta kalibrlash laboratoriyalari tashkil etilgan.

    Ko'pchiligimiz tongda uyg'onib, kun davomida qiladigan ishlarimizni ma'lum bir soat va daqiqalarda bajarishga rejalashtirishga odatlanganmiz. Uydan ishga borishda ham zaruratga qarab masofa, uzunlik, kenglik kabi o'lchovlarini chamalaymiz. Qachon, qaysi manzilda bo'lishimiz lozimligini hayolan hisob-kitob qilib, shu asosida harakatlanamiz.

    Aslida, atrofimizdagi barcha narsaning o'z o'lchovi bor. Insonlarning o'lchovlar borasidagi aniqlikni ta'minlashga talabi ortgani sari soha mutaxassislari oldidagi vazifa va mas'uliyat ham kengayib bormoqda. Xususan, so'nggi to'rt yilda milliy metrologiya sohasida o'lchashlar yagonaligini ta'minlash, ularning xalqaro darajada e'tirof etilishiga erishish bo'yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Sohada ilmiy tadqiqotlar ko'lami kengayib, qo'llanilayotgan texnologiyalar zamon talabiga mos tarzda rivojlanib bormoqda.

    Prezidentimizning 2017-yil 28-apreldagi “O'zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan O'zbekiston milliy metrologiya institutining tashkil etilishi metrologik tekshiruvlar, sohada ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, eng yuqori aniqlikdagi o'lchov vositalarini saqlab turish, ularni xalqaro darajada solishtirish singari bir qator muhim vazifalarni jadallik bilan amalga oshirishda ayni muddao bo'ldi. Sohaning qonuniy-huquqiy bazasi esa yangi tahrirdagi “Metrologiya to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni bilan mustahkamlandi.

    Umuman olganda metrologiya “o'lchash” ma'nosini anglatib, o'lchovlar, ularning bir xilligini ta'minlash usullari va vositalari hamda talab etilgan aniqlikka erishish yo'llari haqidagi fan sifatida tan olingan. U biror ob'ektning fizik xususiyatlari bo'lgan uzunlik, massa, zichlik, harorat, kuch va boshqalarga nisbatan qo'llaniladi.

    Yurtimizda mamlakatimiz rahbarining metrologiya tizimiga bo'lgan e'tibori natijasida 2018–2022-yillar davomida davlat byudjetidan 21 dona etalon xarid qilish uchun 5,8 million dollar ajratilib, milliy etalonlar bazasini 33 taga yetkazish rejalashtirildi.

    Tarmoq vakillarigagina tanish bo'lgan etalon tushunchasi kattalik birligining o'lchamini boshqa o'lchash vositalariga o'tkazish maqsadida uni qayta hosil qilish va saqlash uchun mo'ljallangan o'lchash vositasini anglatadi. Milliy etalon esa vakolat berilgan milliy organning qarori bilan O'zbekiston Respublikasi hududida o'lchash birligining o'lchami sifatida e'tirof etilgan namuna hisoblanadi.

    Ayni paytda respublikada yuqori aniqlikdagi o'lchashlarning kuzatiluvchanligini ta'minlash maqsadida milliy etalonlar soni 9 tadan 21 taga yetkazilib, 10 ta kalibrlash laboratoriyalari tashkil etilgan. Mazkur laboratoriyalarda o'lchash vositalari kalibrlashdan o'tkaziladi, ya'ni o'lchashlarning haqiqiy qiymatini aniqlash uchun ular etalon bilan solishtiriladi.

    Ko'zlangan natijalarga erishish uchun institut faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga ham alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda, 2017–2020-yillarda jami 5 milliard so'mlik 133 dona o'lchash uskunalari xarid qilinib, qiyoslash va kalibrlash bo'yicha 45 ta yangi o'lchash uslubi o'zlashtirildi.

    Tahlillarga ko'ra, hozirgi kunda ishlab chiqarish sohasida o'lchashlarning yagona birlikda bo'lishini ta'minlashga qaratilgan va ularni o'tkazishga sarflanadigan xarajatlar mahsulotni tayyorlashga ishlatiladigan umumiy sarf-xarajatlarning 20 foizini tashkil qilmoqda. Boisi, qaysi sohani olmaylik, birgina noto'g'ri o'lchash jiddiy xatoliklarga sabab bo'lishi mumkin. Masalan, ishlab chiqarishda — sifatsiz mahsulot, tibbiyotda — noto'g'ri tashxis, qurilishda — aniq asosga ega bo'lmagan bino-inshootlar, ekologiyada atrof-muhitning zaharlanishiga olib kelishi hech gap emas. SHu nuqtai nazardan, O'zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan imzolangan Milliy o'lchash etalonlari hamda milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o'lchash sertifikatlarining o'zaro e'tirof etilishi to'g'risidagi kelishuv doirasidagi jarayonlarda to'laqonli ishtirok etish asosiy vazifalardan biri sanaladi. Institut shuningdek, Xalqaro tarozi va o'lchovlar byurosi (BIPM)ning teng huquqli a'zosi hisoblanadi. Bu kelishuv xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, metrologik laboratoriyalar imkoniyatini dunyo miqyosda kengaytirish orqali O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'lchashlarning xorijda e'tirof etilishiga yo'l ochadi. Buning uchun qo'shni davlatlarda o'lchashlarga bo'lgan ehtiyojni tahlil qilgan holda, metrologik xizmatlar eksportini yo'lga qo'yish, shuningdek, kalibrlash laboratoriyalarining xalqaro akkreditatsiya sohasini qo'shimcha 4 ta (uzunlik, fizik-kimyo, elektr va kuch) o'lchash turlariga kengaytirish lozim bo'ladi.

    Qaysi sohada bo'lmasin, xalqaro maydonga chiqib, unda munosib o'rin egallash oson kechmaydi. Buning uchun malakali mutaxassislar zarur. Shu bois, so'nggi uch yil ichida sohaga 10 dan ortiq xalqaro ekspertlar jalb etildi. 50 nafardan ziyod mutaxassislarimiz Germaniya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Moldova, Belarus` va boshqa davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida yurtimizdagi massa, harorat va bosim laboratoriyalarining o'lchash imkoniyatlari xalqaro darajada tan olindi. Kalibrlash va o'lchash sertifikatlarining 102 ta davlat tomonidan o'zaro e'tirof etilishini ta'minlash maqsadida Evrosiyo davlat metrologiya tashkilotlari hamkorligi (KOOMET) doirasida 12 ta solishtirish loyihalari bo'yicha yaqin hamkorlik o'rnatildi.

    Shaffof va tezkor

    Ilm-fan, texnika taraqqiy etgan hozirgi davrda aniq o'lchashlarsiz sifatli va xavfsiz mahsulot ishlab chiqarish mushkul masala. Institut tomonidan oziq-ovqat va sanoat xavfsizligi sohalarida standart namunalarni yaratish bo'yicha amalga oshirilgan 3 ta ilmiy loyiha qishloq xo'jaligi maxsulotlarining sifatini aniqlashda qo'llanilmoqda. Ayni vaqtda Innovatsion rivojlanish va innovatsion g'oyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan beriladigan davlat granti asosida qiymati 1 milliard so'mlik yana 3 ta ilmiy loyiha ustida ish olib borilyapti.

    Sohaga investitsiyalar va texnik ko'mak loyihalarini keng jalb etish borasida ham bir qator ishlar bajarilmoqda. Ulardan biri umumiy qiymati 617,3 ming dollarga teng bo'lgan “Ionlashtiruvchi va rentgen nurlanish sohasidagi ikkilamchi etalonlar maxsus dozimetrik laboratoriyasi”ni yaratish bo'yicha texnik-ko'mak loyihasidir. 2019-yildan boshlangan ushbu loyiha Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATe) yordamida amalga oshirilyapti. Uni ishga tushirish orqali O'zbekistonda hozirga qadar qiyoslanmayotgan 150 dan ortiq gamma nurlanishlar manbalari va 25 dan ortiq rentgen nurlanishli o'lchash vositalarining metrologik nazorati ta'minlanadi.

    Germaniyaning “Jenoptik Robot GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda yo'lga qo'yilgan “Avtotransport vositalarining harakat tezligini o'lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash” loyihasi esa yo'l harakati havfsizligini nazorat qilish hamda yo'l-transport hodisalarining oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etib, foto-video radar uskunalarining metrologik nazoratini o'rnatishga qaratilgan. Umumiy qiymati 93 ming evro bo'lgan loyiha doirasida yurtimizga o'tgan yili 6 ta laboratoriya uskunasi keltirilib, noyabr` oyida to'liq ishga tushirildi.

    Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish va sohada xodimlar ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 5 milliard so'm bo'lgan 6 ta ilmiy-texnik loyihani oliy ta'lim muassasalarining professor-o'qituvchilari bilan birgalikda amalga oshirish, viloyatlardagi metrologik infratuzilmani rivojlantirish orqali 16 ta hududiy filial negizida massa, bosim, harorat va elektr o'lchash turlari bo'yicha yangi kalibrlash laboratoriyalarini tashkil etish ko'zda tutilgan.

    Yana bir ahamiyatli jihati, COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitni inobatga olgan holda, tibbiyot va energetika sohalarida sayyor metrologik xizmat ko'rsatishni yo'lga qo'yish maqsadida 2 ta maxsus zamonaviy mobil` laboratoriyalar ishga tushirildi.

    Institut tomonidan o'tgan yili yo'lga qo'yilgan metrologiya.nim.uz dasturiy ta'minoti ham pandemiya sharoitida aholi, ishbilarmon va tadbirkorlar uchun yana bir muhim qulaylik bo'ldi. Qolaversa, yaqinda ishga tushirilgan “E-Metrologiya” tizimi orqali barcha turdagi ariza va murojaatlarni onlayn tarzda taqdim etish va qisqa muddatda elektron shartnoma tuzish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida institut mehnat jamoasini samarali boshqarish, xodimlarning ish unumdorligi va axborot bilan ta'minlanganlik darajasini tubdan yaxshilashga, ish yuritishdagi vaqt va sarf-xarajatlarni qisqartirishga erishildi.

    Axborot tizimi ko'rsatilayotgan metrologik xizmatlarni raqamlashtirish, ularning shaffof va tezkorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Jarayon soddalashtirilgan tartibda joriy etilgan bo'lib, jismoniy va yuridik shaxslarning ro'yxatdan o'tishi 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ya'ni, shaxsiy elektron raqamli imzo (eRI) orqali mobil` telefon raqami kiritiladi, ushbu raqamga yuborilgan tasdiqlash kodi tizimga yoziladi, pastki qismdagi elektron pochta manzili to'ldiriladi va ro'yxatdan o'tish jarayoni yakunlanadi.

    Murojaat davomida shartnomalar tuzish jarayonlari ham shu kabi sodda ko'rinishga ega bo'lib, foydalanuvchiga tushunarli tarzda yaratilgan. Murojaat qabul qilinib, sharnoma tuzilgandan so'ng, ko'pi bilan 15 ish kunida barcha xizmatlar ko'rsatiladi va elektron sertifikat taqdim etiladi.

    Bir so'z bilan aytganda, bugungi kunda metrologiya tizimini zamon talablari asosida rivojlantirish nafaqat milliy iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini oshirish, balki eksport hajmlarini ko'paytirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda sog'lom investitsiyaviy muhit yaratilishida muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

    Lazizbek SAIDORIPOV,

    O'zbekiston milliy metrologiya

    instituti direktori