Yurtimizda pishib yetilgan meva-sabzavot mahsulotlarining 2023-yil yanvar-avgust oylariga doir eksport koʻrsatkichlari tahlil qilindi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari oʻtkazgan tahlilga koʻra, ushbu davrda xorijiy mamlakatlarga umumiy qiymati 763,6 million dollarga teng boʻlgan 1 246,9 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Bu esa 2022-yilning shu davridagiga nisbatan 16,7 foiz koʻp, demakdir.

Meva-sabzavotlar eksportida qiymat jihatidan eng katta ulushni shaftoli (nektarin) – 8,8 foiz, gilos – 6,9 foiz, piyoz – 6,9 foiz, uzum – 6,1 foiz, mayiz – 5,5 foiz, oʻrik – 4,3 foiz, qovun va tarvuz – 4,8 foiz, pomidor – 3,3 foiz egalladi.

Eksportning umumiy hajmida meva-sabzavotlar ulushi 4,6 foizni tashkil etgan. Rossiya (42 foiz), Pokiston (15,4 foiz), Qozogʻiston (12,1 foiz), Qirgʻiziston (8,4 foiz), Xitoy (8,3), Turkiya (2,2 foiz), Belarus (1,6 foiz), Afgʻoniston (1,3 foiz), Eron (0,9 foiz), Iroq (0,9 foiz) Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlaridir.