Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Farmonga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bogʻ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer soligʻi 3 baravarga oshiriladi;
— tashabbuskorlar yangi bogʻlarni barpo etishda oʻz ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan belgilangan roʻyxatdagi payvandtagli mevali koʻchatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona bojlaridan ozod etiladi.
2024-yil 1-dekabrdan fermer va dehqon xoʻjaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga koʻmaklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etiladi.
Agentlik meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xoʻjaliklari hamda Agentlik manfaatlarini koʻzlab sudga kiritilgan daʼvolar va shikoyatlar yuzasidan davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.