Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) xizmatlarini sertifikatlashtirish va ularga toifa (yulduz) berish tizimi haqida ma'lumot berdi.
Aytilishicha, joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) xizmatlarini sertifikatlashtirish, ularga toifa (yulduz) berishda, shuningdek, sertifikatlashtirilgan xizmatlarining standartlashtirish bo'yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obyektlarini tasniflash tartibi to'g'risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Mehmonxonalarni tasniflash tizimiga asosan, ularga tegishli toifa (yulduz) berish O'z DSt 3296:2018 “Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va o'xshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi” O'zbekiston Respublikasi Davlat standarti qo'llaniladi.
Mazkur standartning A ilovasida turli toifadagi mehmonxonalar va o'xshash joylashtirish vositalariga doir talablar o'rnatilgan bo'lib, ularni baholash natijasida tegishli 1, 2, 3, 4 va 5* (yulduz) toifasi berilishi mumkin.
Xozirgi kunda amaliyotda mehmonxonalarni baholash natijasida quyidagi eng ko'p aniqlanayotgan nomuvofiqliklar kuzatilmoqda, xususan:
- mexmonlar kirish uchun avtotransportdan kelish yo'lida atmosfera yog'inlaridan himoyalash uchun soyabon (talab 4 va 5 toifali mehmonxonalar uchun majburiy);
- texnik loyihaga binoan ko'chmas generator (talab 3, 4 va 5* uchun majburiy);
- suvga ishlov berish (filtratsiya va tozalash) bo'yicha uskunaning (talab 4 va 5 uchun majburiy);
- texnik loyihaga binoan jamoat va yashash joylarida majburiy ventilyatsiya tizimi (talab 3, 4 va 5* uchun majburiy);
- xizmat/yuk tashish uchun qo'shimcha lift yoki yuk ko'targichning (talab 4 va 5 uchun majburiy);
- 2 va 3 uchun ko'p xonali yoki qo'shilgan nomerlar;
- 4 va 5 uchun esa ko'p xonali nomerlar va nomerlarning umumiy sonidan 4 foizdan kam bo'lmagan “yuqori toifali” nomerlar;
- 3 uchun - 3,5 m. kv, 4 uchun - 4,0 m. kv va (qo'shimcha sanuzel - 2,5 m2), 5* uchun - 5,0 m. kv.dan (qo'shimcha sanuzel uchun 3,0 m2) kam bo'lmagan sanuzel maydoni mavjud emasligi.
Qurib bitkazilgan mehmonxonalarda yuqoridagi talablarni ta'minlash uchun kelgusida qo'shimcha ta'mirlash, tuzatish va harajatlarning oldini olish maqsadida mehmonxonalarni qurish va (yoki) kapital rekonstruksiya qilish jarayonlarida mazkur talablarni hisobga olish so'raladi.