Bu haqda AOKAda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpoʻlatov maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byuro organlari tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida, joriy yilning 9 oyi davomida, jami 35,2 trln. soʻm mablagʻlar undirilgan.
Birgina, davlat foydasiga 14,9 trln soʻm, tadbirkorlik va boshqa subyektlar foydasiga 18,8 trln. soʻm hamda fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,4 trln. soʻmdan ziyod undiruvlar amalga oshirildi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan — “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan bogʻliq jamgʻarmalariga 798 mlrd. soʻm yoki oʻtgan mos davrga nisbatan 121 mlrd. soʻm koʻp mablagʻ yoʻnaltirildi.
Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga jami 1,4 trln. soʻm aliment pullari undirilgan.
“Aliment toʻlovlari” jamgʻarmasi hisobidan 1.492 nafar undiruvchilar foydasiga voyaga yetmagan farzandlarining moddiy taʼminoti uchun 31,3 mlrd. soʻm mablagʻlar toʻlab berildi.
Shuningdek, qonunga xilof ravishda ishdan boʻshatilgan 570 nafar shaxslar ishga tiklanib, ularga toʻlanmasdan qolgan 30,6 mlrd. soʻmlik ish haqlari undirib berilgan.