Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilariga qarshilik koʻrsatish holatlari tez-tez quloqqa chalinadi. Byuro davlat ijrochilari sud va boshqa organ qarorlarini ijro etish orqali fuqarolar yoki jamiyat manfaatini himoya qiladi. Biroq, fuqarolarimiz qarzdorliklarini bartaraf qilish oʻrniga davlat xizmatchilariga koʻl koʻtarish orqali masalani oʻz tomoniga hal qilish mumkin deb oʻylaydi. Aslida unday emas, davlat xizmatchisining qonuniy harakatiga toʻsqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlik mavjud.
MIB Gʻijduvon tuman boʻlimi davlat ijrochisi Ya. Xoliqov va U. Ergashevlar qarzdor “Trans Atlas” MCHJdan 28 million 409 ming soʻm soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi Gʻijduvon tuman Davlat soliq inspeksiyasining ijro hujjati yuzasidan 2021-yil 10-martda chiqarilgan qaror bilan tanishtirish, shuningdek, qarorga asosan qarzdorning mol-mulklarini koʻzdan kechirib, xatlash ijro harakatlarini oʻtkazish maqsadida MCHJ rahbari S.Aslonovning yashash manziliga borganida qarzdor oʻzini nosamimiy tutib, davlat ijrochisi Ya.Xoliqovni nojoʻya soʻzlar bilan haqorat qilib tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, jinoyat ishi sudga yuborilgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tuman sudining hukmiga koʻra S. Aslonov Oʻzbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi va 140-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan 3 (uch) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Bobirjon Nurov,
MIB Buxoro viloyat boshqarmasi katta inspektori