Voqea tafsilotlarini Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Aytilishicha, Fuqarolik ishlari boʻyicha Yakkasaroy tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan M.Oʻrozovdan “Financial boon” MCHJ foydasiga 1 mln 715 ming soʻm qarzdorlik undirilishi belgilangan.
Mazkur ish ijrosini taʼminlash maqsadida Byuroning Koson tuman boʻlimi davlat ijrochilari shu yilning 14-iyun kuni qarzdorning yashash xonadoniga boradi. Undan qarzdorlikni toʻlab berishi, aks holda, majburiy ijro harakatlari olib borilishi tushuntiriladi.
Shu paytda qarzdor M.Urazov xodimlarni turli soʻzlar bilan haqorat qila boshlaydi.
Shuningdek, xodimlarga qarshilik koʻrsatib, temir jismni davlat ijrochisi J.Majidov boshiga sanchib oladi.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, sudga yuborilgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Koson tumani sudining hukmiga koʻra, M.Urazov aybli deb topilib, unga nisbatan 2-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.