MIBning to‘qqiz oylik faoliyati hisoboti e’lon qilindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “MIB anchadan buyon o‘z funksiyasini bajarolmay qolgan” mazmunida xabarlar yuzasidan Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

    2023-yil yanvar-sentyabr oylarida jami 67,7 trln. so‘mlik (3,9 mln.ta) hujjatlar ijrosi tamomlanib, ular bo‘yicha 28,6 trln. so‘m (2,9 mln.ta) amalda undirildi.

    Shu kabi, davlat foydasiga 10,9 trln. so‘m, shundan 8,9 trln. so‘m soliq qarzi, 816,2 mlrd. so‘m jinoiy va ma’muriy jarimalar, 460,6 mlrd. so‘m davlat boji, 452,4 mlrd. so‘m jinoyat natijasida yetkazilgan zarar undirildi.

    Fuqarolarni mol-mulkiga daxl qilmasdan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan axborot texnologiyalari yordamida masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlari tomonidan 550,6 mlrd. so‘m (1,4 mln.ta) hujjatlarning ijrosi ta’minlandi.

    Ijtimoiy ahamiyatga ega, jumladan aliment to‘lovlari, ishga tiklash va ish haqi undirish bilan bog‘liq hujjatlarning ijrosini ta’minlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.

    Qarzdorlardan jami 1,5 trln. so‘m (shu jumladan, bank kartalari orqali 882,7 mlrd. so‘m) aliment pullari undirildi.

    “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlash maqsadida 843 nafar undiruvchilarga 12,2 mlrd. so‘m mablag‘lar to‘lab berildi.

    Ishsiz aliment to‘lovchilarning 24 751 nafari ishga joylatirildi, 38 487 ta oilani yarashtirishga erishildi.
    Mehnat qonunchiligiga rioya qilinmagan holda bo‘shatilgan 867 nafar shaxs ishga tiklandi, to‘lanmay qolgan 59,4 mlrd. so‘mlik ish haqi undirildi.