“MICE” turizmini rivojlantirishda Germaniya bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi

    Turizm 26 May 2023 1999

    Madaniyat va turizm vazirligi va Germaniyaning “Messe Frankfurt” kompaniyasi rahbariyati ishtirokida Oʻzbekistonda “Mice” turizmini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama etildi.

    Muloqot jarayonlarida Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari U.Azamov, “Messe Frankfurt” vitse-prezidenti Stephan Kurzaski, “BMCA” xolding direktori A.Malik hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

    Maʼlumot uchun, Germaniyaning “Messe Frankfurt” kompaniyasi xalqaro darajadagi koʻrgazmalar, kongresslar va tadbirlarni butun dunyo boʻylab tashkil etishda yetakchi tashkilotlaridan biri boʻlib, kompaniyaning bir qator mamlakatlarda 28 ta ofislari mavjud.

    Uchrashuv davomida, tomonlar “Messe Frankfurt” va Madaniyat va turizm vazirligi turizm yoʻnalishidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston turizm bozoriga kirish, sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarining aloqalarini oʻrnatishga koʻmaklashish yuzasidan muzokaralar olib bordi. Shuningdek, Oʻzbekistonda “MICE” turizmni rivojlantirish maqsadida Xitoy va Yevropa mamlakatlari tajribasi boʻyicha oʻrganishlar tahlili muhokama etildi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida tomonlar turizm sohasida oʻtkaziladigan kelgusi tadbirlarni hamkorlikda tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha kelishib oldi.