Migrantlar Rossiyadan pul joʻnatmalarini kreditga yuborishi mumkin

    Dolzarb 6 Oktabr 2021 3167

    “Zolotaya korona” (“Oltin toj”) toʻlov xizmatlari tizimi 11-oktyabrdan mehnat migrantlari uchun Rossiyadan qarz evaziga pul yuborish imkonini beradi. Bu haqda ushbu kompaniya direktorlar kengashi raisi Nikolay Smirnov soʻzlab berdi.

    Dastlabki bosqichda migrantlar 5 mingdan 15 ming rublgacha miqdordagi pul olishi mumkin. 21 kun davomida foizlar hisoblanmaydi. Koʻrsatilgan muddat tugagach, har bir kun uchun 1 foiz miqdorida ustama hisoblanadi. Mazkur xizmat dastlab “megafon”ning barcha salonlarida amalga oshiriladi. Keyinchalik esa “Zolotaya korona” mazkur xizmatni barcha tarmoqlariga joriy etmoqchi. Mablagʻ bilan taʼminlashni “Strana ekspress” mikrokredit kompaniyasi zimmasiga olgan.

    “Zolotaya korona” yangi xizmatda komissiya hisobidan daromad oladi. Bazaviy stavka toʻlangan summadan 1 foiz hisoblanadi. Lekin 1 000 rubldan, yoki 20 dollardan, yoki 15 yevrodan oshib ketmasligi kerak.

    Eslatib oʻtamiz, iyun oyida pul joʻnatish tizimi MDH davlatlariga 720 million dollar yuborgan. Bu uch yil ichidagi eng yaxshi koʻrsatkich. Pul joʻnatish tizimlarining asosiy mijozlari boʻlgan mehnat migrantlarining soni 2020—2021-yillarda kamayishiga qaramay, ularning daromadi sezilarli darajada oʻsgan. Aynan mana shu holat vataniga yuboriladigan pul hajmining oʻsishini taʼminlagan.