Ushbu yigʻilishda mazkur Komissiya aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasidan vakil sifatida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Ф.Эшматова ishtirok etdi. Shuningdek, muhokamalarda Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston vakillari ham ishtirok etdi.
Yigʻilish kun tartibidagi masalalardan kelib chiqib, ishtirokchilar Hamdoʻstlik mamlakatlarida ishlayotgan fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qildilar.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili Feruza Eshmatova Komissiya aʼzolarini mamlakatlaridagi migratsiya sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro huquq normalaridan kelib chiqib takomillashtirish va migrantlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash maqsadga muvofiqligini bildirdi.
Migratsiya sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va migrantlarning huquqlarini himoya qilish masalalari Hamdoʻstlik makonida juda dolzarb ekanligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, migrantlarning huquq va majburiyatlarini aniqlash va tasniflash boʻyicha inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga mos bir xil yondashuvni shakllantirish, migratsiya sohasidagi koʻplab uzoq vaqtdan beri muammo boʻlib kelgan masalalarni hal qilishga yordam berishi mumkinligiga ishonch bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 15-oktyabrdagi Qozogʻiston poytaxti Ostonadagi sammit yakunlari boʻyicha Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari rahbarlari yigʻilishida “MDHning inson huquqlari boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi yangi nizomi” qabul qilingan. MDHning Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. MDH Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi birinchi yigʻilishi 2023-yil 29-noyabrda Minsk shahrida boʻlib oʻtgan edi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.