Migratsiya agentligining xabar berishicha, soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijda ishlab yurgan va afsuski vafot etgan vatandoshlarimizning jasadlarini yurtimizga olib kelish uchun blogerlar, turli shaxslar plastik karta raqamlarini chiqarib, pul yigʻish aksiyalarini oʻtkazayotgani kuzatilmoqda.
Ayrim holatlarda eski yoki notoʻgʻri maʼlumotlar asosida odamlarning his-tuygʻularidan foydalanib, firibgarlik qiluvchi shaxslar koʻpaymoqda. Ularning tarqatayotgan maʼlumotlari orqali yurtdoshlarimiz aldanib, plastik kartalarga pul oʻtkazib berishmoqda.
Bu kabi xabarlarni koʻrsangiz, hech qanday pul oʻtkazmang. Bu vaziyatda qonuniy va ishonchli yoʻl — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligiga murojaat qilishdir, — deya ogohlantirmoqda agentlik.









