Migratsiya agentligi Qozogʻistondagi Oʻzbekiston fuqarolarini ogohlikka chaqirdi

    Migratsiya agentligi Qozogʻistonda boʻlib turgan va tranzit yoʻnalishida harakatlanayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini noqulay ob-havodan ogohlantirdi.

    Taʼkidlanishicha, shu kunlarda Qozogʻiston hududlarida ob-havoning keskin sovushi natijasida yoʻllarda harakatlanish bilan bogʻliq qator noqulayliklar yuzaga kelmoqda.

    Shuningdek, yaqin haftalar davomida joylarda tuman, kuchli yomgʻir hamda yoʻllarda muzlash holatlari respublika darajasidagi avtoyoʻllarda harakatlanishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin.

    «Shu munosabat bilan, ushbu davlatda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolaridan yoʻllarda harakatlanishda barcha xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishni, ishonchli va xavfsiz transport vositalaridan foydalanishni, zarurat boʻlmaganda uzoq masofali yoʻllarda transport vositalarida harakatlanmaslikni soʻraymiz», — deyiladi agentlik xabarida