Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga koʻra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etildi.
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi Agentlikka oʻtkazilib uning negizida Migratsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
2025-yil 1-yanvardan:
— Agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq nazorat tadbirlarini oʻtkazishga ruxsat etiladi;
— Agentlik zimmasiga u tomonidan oʻtkazilgan har qanday tekshirish natijasi boʻyicha tuzilgan bayonnomalar, aniqlangan qonun buzilishi holatlari soni va xususiyati haqidagi maʼlumotlarni majburiy tartibda 5 kunda “Xorijda ish” elektron dasturiga joylashtirib borish majburiyati yuklanadi.