U boshqa shaxslar bilan til biriktirib, Koreyaga mehnat migranti sifatida ketayotgan fuqarolardan ortiqcha pul undirganlikda ayblangandi.
Maʼlumot uchun, Afzal Irmatov 2022-yil 17-martdan 27-mayga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi, 2022-yil 27-maydan 2023-yil 2-yanvargacha esa agentlik boshligʻi lavozimida ishlagan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining 2024-yil 13-maydagi hukmi bilan Afzal Irmatov Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari (juda koʻp miqdorda firibgarlikka suiqasd), 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari (juda koʻp miqdorda firibgarlik), 243-moddasi(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgandi. Unga 3-yil masʼul mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2024-yil 30-iyuldagi ajrimiga koʻra, birinchi instansiya sudi hukmining Afzal Irmatovga oid qismi oʻzgartirilib, u jinoiy hodisa yuz bermagani sababli Jinoyat kodeksining 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybsiz deb topildi va oqlandi.
Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan unga 3-yil migratsiya sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 180 mln soʻm jarima jazosi belgilangan.
Qamoqda saqlangan 576 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, jarima jazosi 93 mln 600 ming soʻmga tushirilgan hamda Irmatov darhol sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Sud hukmi bilan tanishgan Kun.uzʼning maʼlum qilishicha, Afzal Irmatov 2022-yil yanvar dekabr oylari davomida firibgarlik yoʻli bilan boylik orttirish maqsadida Koreyaga mehnat migranti sifatida ketishi aniq boʻlgan fuqarolardan aviachipta uchun ortiqcha pul mablagʻlarini qoʻlga kiritish borasida uyushgan guruh tashkil etgani keltiriladi.
U guruh aʼzolari bilan 2022-yilning 6-yanvar kunidan 19-dekabriga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida Koreyaga ketgan fuqarolardan ortiqcha yigʻilgan jami 14 mlrd 416 mln soʻmni qoʻlga kiritib, taqsimlab olgani aytiladi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati taftish instansiyasining 2025-yil 8-apreldagi hukmi bilan Afzal Irmatov aybsiz deb topildi hamda reabilitatsiya qilindi. Jinoyat ishining unga oid qismi tugatildi.
Afzal Irmatovning qamoqqa olingani 2023-yil mart oyida maʼlum boʻlgandi. U 2010-yildan 2013-yilgacha ham Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida rahbar boʻlib ishlagan.