Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirning birinchi oʻrinbosari E.Muxitdinov va XMTning Markaziy Osiyo boʻyicha subregional koordinatori Z.Gadjiyev ishtirok etdi.
Uchrashuvda migrantlarga yordam koʻrsatish, migratsiya oqimini tartibga solishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha Oʻzbekiston bilan XMT oʻrtasidagi munosabatlar, shu bilan bir qatorda, Toshkentda XMTning vakolatxonasini ochish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, chet elga vaqtincha ishlash maqsadida yuboriladigan mehnat migrantlari uchun kasblar va joʻnab ketish mashgʻulotlari (til oʻrganish, mamlakatdagi tarixiy va madaniy meros haqida bilim olish va boshqalar) toʻgʻrisida fikrlar almashildi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda migratsiyani boshqarish va mehnat migrantlarini himoya qilish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi boʻyicha hukumatlararo shartnomalar tuzildi. Chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun alohida jamgʻarma tashkil etildi, deb xabar beradi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.
Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) esa aynan shu maqsadli dasturlarni shakllantirish va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ishlab chiqilgan boʻlib, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi bilan ishlashda muhim ahamiyatga ega vositachidir.