“Mikado develop and investment” kompaniyasi Fargʻonada Ekoshahar qurilishda ishtirok etadi

    Urbanizatsiya 19 Aprel 2022 1506

    Fargʻona viloyati hokimi katta tarkibdagi yaponiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuvda viloyat hokimiga “Mikado develop and investment” kompaniyasi tomonidan Fargʻonada qad rostlayotgan Ekoshahar hududida mehmonxona-rezidensiya va savdo-turizm majmuasi barpo etish loyihasi taqdim etildi.

    Loyihaga koʻra, majmua 4 qavatli yapon saroylari meʼmorchiligidagi lyuks mehmonxona, 60 blokdan iborat har birining maydoni 50 metr kvadrat boʻlgan savdo doʻkonlari hamda ularning ust qavatida 60 ta apartamentlar, yapon bogʻi, basseyn, sauna, spa-saloni, konferensiyalar zalidan iborat boʻladi.

    Yaponiyaliklar shuningdek, Fargʻona shahrida mehmonxona va restoran xizmati sohasi xodimlarini tayyorlash markazi tashkil etish hamda taʼlim jarayoniga Yaponiyadan malakali mutaxassislarni jalb etishni rejalashtirgan.

    Yapon investorlari hozirda Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini tashkil etishdi, yaqin kunlarda loyihani amalga oshirishga kirishishlari maʼlum qilindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.