баннер
26 Apr 2025
03:59

    Mikroavtobuslarda oʻzini oʻzi band qiluvchi tarzida taksi faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi

    Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yoʻlovchi tashish faoliyatini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori (200-son, 02.04.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilarga quyidagi huquqlar beriladi:

    • yoʻlovchilarni olish va tushirish maqsadida “Toʻxtash taqiqlangan” yoʻl belgisi amal qilish hududida, shu jumladan, aeroport va vokzallarga tutash hududlarda toʻxtash;
    • aeroportlar, temir yoʻl vokzallari, avtovokzallar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pulli toʻxtash joylariga yoʻlovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirish;
    • yoʻnalishli transport vositalari uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yoʻlagi boʻylab harakatlanish.

    Bundan tashqari, 2025-yil 15-apreldan 2026-yil yakunigacha eksperiment tariqasida Toshkent shahrida turlari Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan, haydovchidan tashqari 4 tadan ortiq va 8 tadan koʻp boʻlmagan oʻrindiqlarga hamda yuqori qulayliklarga ega avtotransport vositalarida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan yoʻnalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.

    Bunda oʻzini oʻzi band qilgan tashuvchilarga litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji BHMning 3 barobari miqdorida undiriladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech