Millatlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari abadiydir

    Mamlakatimizda 3 Sentabr 2021 1569

    Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanidagi “Nukus” mahallasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Tadbirga kelgan mehmonlar, yurtimizning kelajagi boʻlgan sergʻayrat yoshlarimiz, mehnat faxriylari – butun ongli hayotini el-yurt uchun baxshida qilgan aziz insonlar bugun davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan munosib sharoitlardan minnatdor boʻlib, tinch va osuda oilalari bagʻrida keksalik gashtini surishmoqda. Tumandagi “Sarimoy” va “Nukus” mahallalarida yashayotgan oʻzbek va turkman millatiga mansub aholi tinch va farovon hayotlari haqida shukronalik tuygʻularini ezgu soʻzlari, duoyu maslahatlarida namoyon etdilar.

    Yuz berayotgan oʻzgarishlar, ulkan bunyodkorlik va yaratuvchilik jarayonlari surʼati eldoshlarimizni yangi marralar sari ruhlantiryapti. Islohotlar samarasini oʻz taqdirida, kundalik hayotida koʻrayotgan har bir yurtdoshimiz qalbida bugunidan rozi boʻlish, ertangi kunga mustahkam ishonch tuygʻusi mujassam. Zero, inson manfaatlari oliy qadriyat sifatida ulugʻlanadigan yurtimizda islohotlardan koʻzda tutilgan bosh maqsad ham ana shu. Xalq manfaati, odamlarni hayotdan rozi qilish – doimo faoliyatimizning asosiy mezoni boʻlib qolaveradi.

    Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, aziz faxriylarimizning Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda – tiklanish zamonlarida qanday mehnat qilganliklari, ustlari yupun, qorinlari och boʻlsada koʻngillari toʻq boʻlib, urush qoldirgan ogʻir asoratlarni bartaraf qilish maqsadidagi jasoratli xizmatlarini bugungi va kelgusi avlod hech qachon unutmaydi.

    Bu avlod yelkasiga tushgan sinovlarni mardonavor yengib oʻtgan, oʻz nomini yurtimiz tarixiga muhrlagan.

    Oʻrta avlod vakillari zimmasiga mustaqillikni qoʻlga kiritgan mamlakatimiz shon-shuhrati uchun bor kuch-quvvatlarini bermoq vazifasining tushganini ham bilamiz. Ular mustaqilligimizni avaylab asrab keyingi avlodga yetkazishni maqsad qilgan.

    Oʻsib-unib kelayotgan yosh avlod kelajagimiz poydevoridir. Ular keksa va oʻrta avlod vakillaridan oʻrnak olib, komil insonlar boʻlib yetishadi. Vatanimizning butunjahon hamjamiyatida oʻz oʻrnini egallashida bu uchala avlodning ham oʻrni beqiyos. Mana shunday tadbirlarning koʻplab oʻtkazilishi yurtimizdagi barcha millat vakillari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashi bilan birga ular oʻrtasidagi mehr-oqibat, mehmondoʻstlik va qardoshlik rishtalarini yanada mahkamroq bogʻlaydi.

    Gulnoza Sobirova, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tuman boʻlimi mutaxassisi.