Millatni buyuk qiladigan kuch —taʼlim va tarbiyadir!

    Ta'lim 1 Avgust 2021 2276

    Mamlakat taraqqiyotiga, millat istiqboliga hissa qoʻshish, eng avvalo maktabdan, oʻquvchiga ilk alifoni tanitishdan boshlanadi desam mubolagʻa emas.

    Dono xalqimiz “Ustoz ota kabi ulugʻ” degan hikmatli naqlni ham bejiz aytmagan. Qalb meʼmori boʻlgan muallim, yosh avlod tarbiyasiga butun borligʻini, muhabbatini, shahdu shiddatini baxsh etadi. Keyingi toʻrt yil mobaynida, mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimidagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarildi. Eng avvalo, tizimini isloh etish jarayonida oʻqituvchilik kasbining darajasini yuksaltirish, uning jamiyatdagi nufuzini koʻtarishga muhim eʼtibor qaratildi.

    Taʼkidlash kerakki birgina 1-oktyabrning Oʻqituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishining oʻziyoq har bir kasb egasiga sadoqat va maʼsuliyat yuklab, koʻtarinkilik, oʻz ishiga muhabbat va ragʻbat, shijoat bagʻishlaydi. Ustoz va murabbiylarga cheksiz hurmat-ehtirom ifodasi boʻlgan ushbu bayram tadbirida, ilk bor Prezidentimizning ishtiroki etishi, mamlakatda ustoz murabbiylarning martabasi qay darajada ekanini, amalda yorqin koʻrsatib berdi.

    Shuningdek, davlatimiz rahbarining ustozlarga murojaat bilan chiqishi, oʻqituvchi mehnatini munosib baholagani ham mamlakat kelajagiga boʻlgan eʼtiborning yuksak namunasi deb bilaman. Million million Oʻzbekiston yoshlari qalbiga ilm-fan ziyosini singdirish, ularni elu-yurt xizmatiga hamisha shay qilib, munosib tarbiyalamoq ham oʻqituvchidan muntazam mehnat, zahmatkashlik, ruhiy saxovat va qalban olijanoblikni talab qiladi.

    Prezidentning erkak oʻqituvchilarni zudlik bilan maktablarga qaytarish, ularga kerakli boʻlgan zarur imkoniyatlarni yaratish, va muallimlarning jamiyatdagi obroʻyi va mavqeini oshirish, ularning maqomini qonun darajasida belgilash boʻyicha ilgari surgan taklifi ham mamlakatimizning kelgusi taraqqiyoti uchun qilingan oqilona siyosat namunasidir.

    Xususan, Yurtboshimizning “Oʻqituvchilarning huquqlari davlat himoyasida boʻlishini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab boʻlishini qatʼiy belgilash lozim”, degan jiddiy fikrlari biz ustozlarga katta kuch quvvat bagʻishladi.

    Prezident murojaatida, parlament aʼzolaridan maktablar bilan ishlash tizimini alohida nazoratga olib, ushbu jarayonlarga yaqindan koʻmak berishlari muhimligi, va Oliy Majlis palatalariga ikki oy muddatda umumtaʼlim maktablari bilan ishlashni yana-da kuchaytirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha zarur vazifalarni belgilab bergani nur ustiga aʼlo nur boʻldi. Zotan, bugun shiddat bilan rivojlanayotgan zamon har birimizdan bu masalaga alohida tashabbus koʻrsatishni talab etmoqda.

    Har bir deputat, Yangi Oʻzbekistonning maktab ostonasidan boshlanishiga oʻz hissasini qoʻshishi lozimligi, maktab muammosiga birinchi darajali masala deb qarashi, yoshlar bilan doimiy ravishda muloqot qilishi, ularning muammo va takliflari bilan qiziqishi oʻz oʻzidan ayon boʻlmoqda. Yana bir bor taʼkidlashni istardimki, kelajagimiz vorislariga berilayotgan bugungi eʼtibor, taʼlim-tarbiya Vatan istiqbolini, xalqning ertangi taqdirini belgilab beradi.

    Poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan 52 ixtisoslashtirilgan maktabda imkoniyati cheklangan bolajonlarimiz taʼlim tarbiya olishadi.

    Bugungi kunda, alohida yordamga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabimizda 200 nafar oʻquvchilar tahsil olishadi. Oʻquv jarayonida maktabimizda “Men yashashni oʻrganmoqchiman” dasturi asosida oʻz ishining ustasi boʻlgan mahoratli pedagoglar faoliyat yuritadi. Maktab asosan kasbiy mehnatga yoʻnaltirilgan boʻlib, oʻquvchilarni kasb hunarga oʻrgatib boradi. Xususan, bu yoʻnalishda 40 nafar tajribali defektolog pedagoglar ish olib borishadi. Biz erkak oʻqituvchilarning oʻrni zarur ekanligini alohida eʼtirof etgan holda, 10 nafar erkak oʻqituvchilarni ham shu yoʻnalishga muvaffaqiyatli jalb qilganmiz. Maktabimiz zamonaviy taʼlimga yoʻnaltirilgan boʻlib, imkoniyati cheklangan bolalarni maʼnan va ruhan rivojlantirish maqsadida barcha darslar korreksion tarzda amalga oshirilmoqda. Maktabda mehnat xonalari zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan. Oʻquvchilarni sogʻlomlashtrish maqsadida sport zal va LFK —davolaovchi jismoniy tarbiya xonalari tashkil qilingan. Maktab maʼmuriyati va fidoiy ustozlarning mehnatlari va cheksiz qalb qoʻri evaziga oʻquvchilarimiz hayotda oʻz oʻrinlarini munosib topishda ijobiy muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”, deya taʼkidlagani yodimizda. Murojaatda bu soʻzlarning yana takroran yangrashi bejiz emas. Haqiqatdan ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch bu – ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir.

    Ha, taʼlim va ilm-fan sohasidagi eng soʻnggi ijobiy yangiliklarni oʻquv jarayonlariga namunali tatbiq etadigan, chuqur bilim va dunyoqarash egasi, zamonamiz va jamiyatimizning eng ilgʻor vakillari boʻlgan oʻqituvchi va tarbiyachi, oliygoh domlasi qoʻlida taʼlim olgan oʻquvchilar, Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagini bunyod etishga qodir avlod boʻlib kamol topishiga ishonaman!

    Maktab ostonasidan boshlanayotgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissamizni qoʻshish esa fidoiy, matonatli mehnat jamoamizning ham asosiy maqsadidir.

    Muqaddas Nurmuhammedova,

    52 sonli ixtisoslashtirilgan maktab direktori