Kattaqo'rg'on tumanida “P.A.” MCHJ rahbari L.N. va fuqaro D.M. parrandachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 1,5 milliard so'm kredit evaziga xarid qilingan parrandalar va omuxta yem mahsulotlarini naqd pulga sotib yuborib, kredit mablag'ini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan. Qonunbuzarlik Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fosh bo'ldi.

Bu kabi holat Buloqboshi tumanida ham aniqlandi. Fuqaro A.O. o'zining va yaqin qarindoshlarining nomiga tashkil etilgan MCHJlarga hujjatlarni soxtalashtirish orqali shlakoblok ishlab chiqarish hamda avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish dastgohlarini sotib olish uchun 1,4 milliard so'm imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag'larni o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilgan.

Pop tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, Namangan tumanida joylashgan “I.YA.” MCHJ rahbari U.X., MCHJ norasmiy rahbari A.X. hamda “E.” MCHJ ta'sischisi A.D.lar oldindan o'zaro til biriktirib, issiqxona tashkil etish maqsadida qurilish materiallari sotib olish uchun ajratilgan kredit hujjatlarni qalbakilashtirib, 1 milliard so'm kredit mablag'ini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilishgani aniqlangan.

Xuddi shunday, Termiz tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.A.” MCHJ rahbari N.B. korxonaga “Kattaqum” mahallasida joylashgan yer maydonida uzumchilik bog'ini tashkil etish uchun ajratilgan 300 million so'm imtiyozli kredit uchun garovga qo'yilgan mulklarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, kredit mablag'ini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.