Farmonga koʻra, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalar (ijodiy birlashmalar) tashkil etiladi.
Ijodiy birlashmalarning ijodiy rahbarlari va ularga tashkiliy masalalarni hal etishda koʻmaklashuvchi hamrahbarlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
Ijodiy rahbar oʻz yoʻnalishida yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarishga masʼul hisoblanadi.
2027 yildan ijodiy birlashmalarning yillik ijodiy hisobot shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyi oʻtkaziladi hamda unda ijodiy birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlari Davlat byudjeti hisobidan quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
- ijodkorlarning badiiy kechasi, mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi;
- 1 yil davomida har oyda 5 mln soʻm miqdorida gonorar toʻlanadi;
- 3 yil davomida Oʻzbekiston boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi, bunda tashish xarajatlari boʻyicha olinmay qolgan daromadlar keyinchalik har oyda qoplab beriladi;
- davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati toʻliq qoplanadi.
Farmonga koʻra, Madaniyat vazirligi huzurida “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamgʻarmasi (Jamgʻarma) tashkil etiladi.
2026 yil 1 iyuldan Jamgʻarma hisobidan eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2027 yildan har yili teatr, cholgʻu, xor va raqs yoʻnalishida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻrtasida tuman – viloyat – respublika darajasida tanlovlarni oʻtkazib borish yoʻlga quйiladi. Bunda:
- har bir yoʻnalish boʻyicha respublika darajasidagi tanlovda gʻolib deb topilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga Jamgʻarma hisobidan 500 mln soʻmdan grant beriladi;
- respublika tanlovi gʻoliblari madaniyat va sanʼat yoʻnalishlari boʻyicha davlat taʼlim tashkilotlariga kirishda ijodiy imtihondan ozod etiladi va ularga maksimal ball beriladi.
2026 yil 1 iyuldan Oʻzbekiston fuqarolariga milliy cholgʻu asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.