Qonun bilan Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari qayta tizimlashtirilmoqda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash hamda qo‘riqlash faoliyati bilan bog‘liq vazifalar birlashtirilib, ommaviy tartibsizliklarga chek qo‘yish bo‘yicha yangi vazifa belgilamoqda.

Shuningdek, davlat obyektlari, o‘ta muhim va toifalangan obyektlar, boshqa obyektlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlashga oid vazifalar amaldagi vakolatlardan kelib chiqib optimallashtiriladi.

Qonunning muhim yangiliklaridan biri Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining fuqarolar bilan muloqot qilish tartibiga taalluqli. Endilikda harbiy xizmatchi fuqaroga murojaat qilganda o‘z lavozimi, harbiy unvoni, familiyasi, ismi va otasining ismini aytishi, murojaat sababi va maqsadini tushuntirishi shart bo‘ladi.

Fuqaro talab qilgan taqdirda harbiy xizmatchi xizmat guvohnomasini ham ko‘rsatishi lozim.

Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy maxsus vositalardan foydalanish bo‘yicha Milliy gvardiyaning huquqlari aniqlashtirilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini amaldagi funksiyalarga moslashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan.