«Million« jamoasi sardorining otasi nega jinoiy javobgarlikka tortilgani ochiqlandi

    "Million" jamoasi sardori D.Q. ijtimoiy tarmoqlar orqali otasi R.Q.ning jinoiy javobgarlikka tortilgani yuzasidan oʻzining noroziligini bildirgandi.

    Bosh prokuratura ushbu masalaga aniqlik kiritdi.

    Taʼkidlanishicha, 2023-yil dekabr oyida ishchi guruh tomonidan Ravshan Qobulov rahbarlik qilayotgan Yakkasaroy tumanida joylashgan mehmonxonada nazorat tadbiri oʻtkazilgan. Tadbir davomida mehmonxonaning 4 ta isitish qozoni 2022-yil 24-fevraldan 2023-yil 18-oktyabrga qadar gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulangani aniqlangan. Tuman gaz taʼminoti idorasi bilan shartnoma tuzilmagan, gaz hisoblagich esa gaz idorasidan roʻyxatdan oʻtkazilmagan. Shu orqali jami 907.558 kub metr miqdordagi 344 mln 872 ming soʻmlik tabiiy gazdan yashirin ravishda foydalanib kelingan.

    Mazkur holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilib, 2023-yil 22-dekabr kuni R.Qobulovga Jinoyat kodeksining 169-moddasi (Oʻgʻrilik) 4-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilingan va jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga mazmunan koʻrib chiqishlik uchun yuborilgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudining 2024-yil 27-mart kungi hukmiga koʻra, R.Qobulov Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 8-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 72-moddasi qoʻllanilib, shartli ravishda 1-yil sinov muddati belgilangan.

    Jinoyat ishi doirasida aniqlangan 344 mln 872 ming soʻmlik moddiy zarar “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali foydasiga undirilgan.