Hayotimizga maʼno va mazmun olib kiruvchi tinchlik-xotirjamlik kabi neʼmatning qadriga yetish, shukr qilish, Vatan tinchligini asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizga aylangan. Buni, ayniqsa, yurt himoyachisi degan sharafli va masʼuliyatli kasbni tanlagan harbiylarimiz yanada teranroq anglaydi.
Bir necha kundirki, shukuhi bilan yashayotganimiz — Vatan himoyachilari kuni sanasi nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ayni vaqtda armiya saflarida oʻz burchini oʻtab qaytgan vatandoshlarimiz va ertaga xizmatga shay turgan minglab navqiron yigitlarimiz bayrami. Uning katta tantana bilan nishonlanishi xalqimizning oʻz milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi. Shuningdek, bu yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik samarasidir.
Dono xalqimizning “Yurt qoʻri — eling oʻsar, qoʻrimasang — uying toʻzar”, degan maqoli bor. Vatanni himoya qilish, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga shu el farzandiman degan har bir yurtdoshimiz burchli dedik. Zero, insonning oʻz xalqiga sadoqati va fidoyiligi ona Vatanni himoya qilishi, yurtning taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli boʻlishiga hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qoʻshishi bilan oʻlchanadi.
Dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli toʻqnashuvlar tobora avj olib borayotgan oʻta murakkab hozirgi vaziyatda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va maʼnaviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashning chinakam kafolatiga aylandi. Barcha qoʻshin turlari zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda. Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin boʻlib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bagʻishlamoqda.
Haqiqiy maʼnodagi vatanparvar avlodni tarbiyalash dolzarb masalalardan biri. Binobarin, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimizni yanada jipslashtirgan Uchinchi Renessansni el-yurtimizni yurakdan sevgan, uning taqdirini oʻz taqdiri deb bilgan fidoyi va vatanparvar insonlargina taʼminlay oladi.
Bugun koʻplab ota-onalar farzandining Temurbeklar maktabida tahsil olishi, harbiy boʻlib, Vataniga sidqidildan xizmat qilishini istaydi. Bu yangilanayotgan va farovon Oʻzbekistonga muhabbat, uning tanti xalqiga sadoqatdan dalolatdir. Zero, harbiylar qalbida xalqqa, yurtga muhabbat tuygʻusi qanchalik joʻshqin boʻlsa, xalq ham ularga shunchalik yaqin boʻladi. Ayniqsa, yon-atrofimizda notinchlik hukm surib turgan shu tahlikali kunlarda odamlarimiz barcha orzu-umidlari, ertasini milliy armiyamiz va uning istiqboli bilan bogʻlaydi.
Milliy armiya — bizning faxrimiz va gʻururimiz! Uning qudratini namoyon etib turgan mard va jasur oʻgʻlonlarimiz kechayu kunduz sergak turib, davlatimiz sarhadlarini qoʻriqlayotgani, xalqimiz farovonligi yoʻlida jonlarini-da berishga tayyor turganini barchamiz yurakdan his qilishimiz kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan ilgari surilayotgan gʻoyalar, fikr va mulohazalarning mazmun-mohiyati yosh avlod taʼlim-tarbiyasining naqadar muhim masala ekanini urgʻulaydi. Bugungi yoshlarimiz mana shu Vatan, shu muqaddas tuproqning ertangi egalari ekanini qalblarimizga teranroq anglatadi.
“Harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qatʼiyati, oʻziga boʻlgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi”.
Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida aytilgan yuqoridagi tashbehlar ham barchamizda bildirilgan juda katta ishonchni oqlash masʼuliyatini kuchaytiradi.
Zero, harbiylarimiz azmu shijoati, el-yurtga sadoqati tufayli xalqimizning tinch va osoyishta hayoti taʼminlanmoqda, mamlakatimizning mudofaa salohiyati mustahkamlanmoqda, milliy armiyamizning jangovar qobiliyati yuksalmoqda.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri