Davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-apreldagi qarorida fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Bu borada ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilmoqda, yetuk konsultantlar jalb etilmoqda.
Xususan, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatini isloh qilish bo‘yicha turkiyalik mutaxassis Ilker Ayji jamoasi bilan ish olib borilmoqda. U “Turk havo yo‘llari” aviakompaniyasini boshqargan kezda uni mintaqaviy darajadan global miqyosga muvaffaqiyatli olib chiqqan.
Bugun “Uzbekistan airways” oldiga ham shunday vazifa qo‘yilgan. Mamlakatimizning geografik joylashuvi va soha infratuzilmasidan oqilona foydalanib, uni xalqaro transport xabiga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda davlatimiz rahbariga “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni transformatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya haqida axborot berildi.
Unga muvofiq, aviakompaniyaga xalqaro tajriba asosida korporativ boshqaruv tizimi joriy etish, havo kemalarini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yuk tashish tarmog‘ini kengaytirish choralari ko‘riladi. Xorijiy investorlarni jalb etgan holda aviakompaniyani jahon standartlari asosida xususiylashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.
Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni yetakchi mintaqaviy aviakompaniyaga aylantirish, shuningdek, aholining mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda arzon narxlarda harakatlanishini ta’minlashdan iboratdir.
Prezidentimiz bu rejalarni ma’qullab, uning ijrosiga tezroq kirishish kerakligini ta’kidladi.
– Bu sohada o‘n yilga kechikkanmiz. Aviakompaniya eskicha uslubda ishlayapti, yo‘lovchilar xizmat sifatidan rozi emas. Agar iqtisodiyotimizni, turizmni rivojlantiramiz desak, yakkayu yagona yo‘limiz shu, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aviakompaniyada loyiha ofisi tuzib, tranformatsiya jarayonini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.