Ilmiy-texnik axborot markazining direktor oʻrinbosari Saidbek Bobomurodovga portalning jamiyatdagi oʻrni va hozirgi kunda qay darajada ekanligi haqida gapirib berdi.
— Milliy ilmiy portal — bu koʻp funksiyali veb-portal. Oʻzbekiston va jahon ilmiy hamjamiyati vakillari uchun kerakli boʻlgan barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Platforma asosan ilmiy izlanish olib boruvchi insonlar, oliy taʼlim tizimi va ilmiy tadqiqot muassasalarida faoliyat yurituvchilar uchun, bir soʻz bilan aytganda, ilm ahli uchun moʻljallangan.
Bir necha yil avval ilmga kirib kelgan yosh olimlarimiz oʻzlariga kerakli maʼlumotlarni kutubxona, sohaga oid manzillarga, ilmiy yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan professorlarimizdan olishardi yoki dunyoda yuz berayotgan maʼlumotlardan boxabar qolishar edi. Endi ilm-fanga oid barcha jabhalarni, ilmiy loyihalar, dunyo ilmiy nashrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va boshqa koʻplab imkoniyatlarga ega baza bir portalga jamlandi.
Bu hozirgi raqamlashtirilgan zamon uchun shakllantirilgan ilk eng qulay va kerakli boʻlgan platforma desak, ayni haqiqat boʻladi.
Yurtimizda mavjud 140 dan ortiq mahalliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 35 ta ilmiy tashkiloti, vazirlik va idoralar huzuridagi 77 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy tashkilot, 32 ta davlat boshqaruv organning umumiy maʼlumotlari mavjudligi portalning yutugʻi.
“Milliy ilmiy portal” tizimidagi “doktorantura” kontentiga yoʻnalishga oid normativ hujjatlar, qabul kvotalari, roʻyxatga olish jarayonlari va ixtisoslik shifrlari kiritilgan.
Kontentdan maqola yozish boʻyicha qoʻllanma va yoʻriqnoma ham joy olgan. Jahon standartlariga xos IMRAD uslubi ham atroflicha tushuntirilgan. Ilmiy ish qiluvchilar orasida koʻp hollarda ilmiy jurnallarda maqola chop etish boʻyicha qiyinchiliklarga duch kelishadi. Tadqiqot mavzusi boʻyicha reyting jurnallarini tanlash, qanday qilib yuqori sifatli maqola tayyorlash va uni reytingi yuqori xorijiy jurnallarda chop etish mumkinligi kabi maʼlumotlar kiritildi.
Noshirlik boʻlimidan esa, ilmiy stajirovkalar va Erasmus, Horizon Europe tomonidan eʼlon qilinadigan grantlar ham joy olgan.
Milliy ilmiy portalida infratuzilma navigatori ham yoʻlga qoʻyilib, innovatsiyaga doir obyektlar, texnoparklar, IT parklar, inkubatorlar, akseleratorlar, konsalting firmalar, erkin iqtisodiy va kichiq iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritilgan. Har bir qiziquvchi startapyor yoki biror bir biznes boshlashni istagan yoshlar quyidagi maʼlumotlar orqali tashkilotlar toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlarga ega boʻlishadi. Shuningdek, mamlakatimizga tashrif buyurgan investorlar ham mazkur maʼlumotlardan oʻzlarini bizneslari uchun foydalanishlari mumkin.
Umuman olganda portalning afzallik jihatlari koʻp boʻlib, uni bir maqolada mujassam etib boʻlmaydi. Ming bora soʻzlagandan bir bora koʻrgan afzal deganlaridek “Milliy ilmiy portal” sizning faoliyatingiz yoʻlidan foydali kontent boʻladi deb umid qilamiz, zora, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan har bir imkoniyat jamiyatda ilm-fanning rivoji uchun muhimdir.
Aziza ASLANOVA