Yangi Oʻzbekistonda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida 2021-2022-oʻquv yili davamida sport turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish tartibini belgilash toʻgʻrisidagi” qoʻshma qaroriga asosan, joriy yilning 18-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazida Oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari oʻrtasida sportning “Milliy kurash” turi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Kurash Milliy Federatsiyasining amaldagi qoidalariga asosan, yuqori saviyada tashkil etilgan, mazkur musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Davlat Bojxona qoʻmitasi Bojxona instituti, Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti harbiy xizmatchilari, kursantlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Musobaqani FVV Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Choriyor Xoʻjanov ochib, sportchilarni bugungi musobaqada munosib ishtirok etib, muvaffiqiyatli yutuqlarga erishishlarini tilagan holda, oliy harbiy taʼlim muassalarining kursantlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan bunday musobaqalar yurtimizda yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olishga hamda harbiy xizmatchilarning har tomonlama jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilganini, ularda zarur maʼnaviy-ruhiy sifatlar va amaliy koʻnikmalarni hosil qilishga va sogʻligʻini mustahkamlash va organizmini chiniqtirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan musobaqada umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi jamoasi egalladi. Ikkinchi oʻrinni Favqulodda vaziyatlar vazirlig akademiyasi egallagan boʻlsa, uchinchi oʻrin Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti jamoasiga nasib etdi.

Shaxsiy hisobda turli vazn toifalarida ringga koʻtarilgan sportchilarimiz shiddat bilan kurashib, musobaqa yakuniy natijalariga koʻra, 60 kg vazn toifasida IIV Akademiyasi kursanti Shaxzod Ibrgaimov birinchi oʻrinni, FVV Akademiyasi kursanti Akmal Ikromov ikkinchi oʻrinni, Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti kursanti Arslonbek Avlayorov uchinchi oʻrinni egallashdi. 66 kg vazn toifasida FVV Akademiyasi kursanti Shoxrux Yuldashev birinchi oʻrinni, Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti kursanti Allambergen Tlepov ikkinchi oʻrinni, DXX Akademiyasi kursanti Islom Karimov uchinchi oʻrinni egallashdi. 73 kg vazn toifasida IIV Akademiyasi kursanti Najot Nurmuratov birinchi oʻrinni, FVV Akademiyasi kursanti Aydos Djalelov ikkinchi oʻrinni, Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti kursanti Samariddin Mengelov uchinchi oʻrinni egallashdi. 81 kg vazn toifasida IIV Akademiyasi kursanti Madiyor Erkinov birinchi oʻrinni, Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti kursanti Xurshid Suyunov ikkinchi oʻrinni, FVV Akademiyasi kursanti Ibrohim Jontoʻrayev uchinchi oʻrinni egallashdi. 81 kg.dan yuqori vazn toifasida DXX Akademiyasi kursanti Xurramshox Botirov birinchi oʻrinni, IIV Akademiyasi kursanti Boxojon Ashurov ikkinchi oʻrinni, FVV Akademiyasi kursanti Jasur Eshmoʻminov uchinchi oʻrinni egallashdi.

Musobaqa yakunida tashkilotchilar tomonidan barcha sovrindorlar medal, diplom, tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

─ Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimidagi Oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari oʻrtasida milliy qadriyatimizning bir boʻlagi hisoblangan sportning milliy kurash turi boʻyicha musobaqa Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi jamoasi tomonidan yuqori saviyada tashkillashtirildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi deydi ─ FVV Akademiyasi katta oʻqituvchisi katta leytenant Rustam Choriyev ─ Albatta sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda ham muhim oʻrin tutadi. Yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptiradi. Bu sohada erishilgan yutuqlar mamlakatni dunyoga tanitadi, barcha yurtdoshlarga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi.

Farhodjon XOJAYEV,

Akademiya katta oʻqituvchisi, kapitan.