Milliy liboslar – millat ko'zgusi

    Madaniyat 28 Sentabr 2023 6011

    Yurtimiz bo'ylab keng nishonlanayotgan "Xon atlas" festivali Urganch davlat universiteti ham yuqori kayfiyatda, bayramona ruhda davom etyapti.

    Uning doirasida o'tkazilgan “Milliy liboslar – millat ko'zgusi” mavzusida anjumanga O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Zulayho Mahkamova, senator Farog'at Sa'dullaeva, viloyat hokimi o'rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig'i Nigora Qutlimuratova, shoira Sayyora Samandarovalar mehmon bo'ldi.

    Universitetning ayol professor-o'qituvchilari va talaba-qizlari milliyligimizni o'zida aks etgan atlas, adras liboslarida ishtirok etishdi.

    Anjumanni universitet rektori Baxrom Abdullaev kirish so'zi bilan ochib, milliy qadriyatlarimizni o'zida mujassam etgan ushbu festival` bilan barchani samimiy qutladi. Aazaliy qadriyatlarimizni o'zida ifoda etgan ushbu go'zal matolar milliy boyligimiz sanalishi, unda xalqimizning shonli o'tmishi, qadimiy an'analari va o'ziga xos xususiyatlari mujassamligi, bugungi kunda xonatlas butun dunyoda o'z muxlislariga egaligi, undagi yorqin ranglar va takrorlanmas naqshlar kishiga xush kayfiyat bag'ishlashi, maftun etishi e'tirof etildi.

    Haqiqatan, milliy liboslar xalqning asriy an'analarini mujassam va tarannum etgan muhim vosita hisoblanadi. Dunyo xalqlari ajdodlaridan meros bo'lib qolgan milliy ko'rinish, an'analarni davom ettirishga alohida e'tibor qaratadi. Xalqimizning ming asrlik o'tmishi, urf-odat va an'analari, estetik qarashlari, milliy qadriyatlarimiz tom ma'noda milliy matolarimizda o'z ifodasini topib kelayotgani bilan yanada qadrli va ahamiyatlidir.