Milliy liboslar va raqslar jilosi shu'lalangan saboqlar

    Madaniyat 28 Yanvar 2021 9278

    Hind raqslari jozibasi, o'zbek raqqosalarining latofati mahorat haftaligiga o'zgacha shukuh bag'ishladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” Qaroriga asosan xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak maʼnaviy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash hamda jahon madaniyati bilan uygʻun holda rivojlantirish, milliy madaniyatni keng targʻib etish, uning xalqaro madaniy makonda tutgan oʻrni va mavqeini yana-da mustahkamlash borasida bir qator vazifalar belgilangan.

    Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan Toshkentdagi Lal Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi bilan hamkorlikda Oʻzbek-Hind sanʼat ustalari ishtirokida onlayn mahorat saboqlari haftaligi tashkil etildi.

    2021-yilning 23-yanvar kuni boshlangan mazkur haftalik davomida ikki mamlakatning raqs, qoʻshiqchilik, musiqa yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tomonidan madaniyat yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar va sanʼat ixlosmandlari uchun mahorat saboqlari oʻtkazildi.

    Jumladan, hind musiqa sanʼati boʻyicha professor Suneyera Kaslival xonim, hind raqs sanʼati mutaxassisi Smriti Aditya xonimlar tomonidan talabalarimiz hamda soha mutaxassislari uchun mahorat saboqlari tashkil etildi. Oʻzbekiston xalq artistlari Zamira Suyunova, Abdulahad Abdurashidov, Viloyat Oqilova, Gavhar Matyoqubova kabi sanʼatimiz dargʻalari tomonidan esa musiqa, ashula va raqs yoʻnalishlarida hind talabalari va sanʼat shaydolari uchun mahorat saboqlari boʻlib oʻtdi.

    Milliy rassomlik va dizayn institutida haftalikning yakuniy tadbiri, yaʼni anʼanaviy hamda sahna liboslari boʻyicha mahorat saboqlari . Bunda hind anʼanaviy va sahna liboslari boʻyicha mutaxassis doktor Nelima Astana xonim, shuningdek, Feruza Otaxonova, Saodat Saidberdiyeva, Gulchehra Alimova kabi liboslar boʻyicha yurtimizning eng mahoratli mutaxassislari ishtirok etishib, auditoriya uchun qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etishdi.

    Matluba Temur qizi,

    sanʼatshunos