Milliy markaz va BMTTD oʻrtasida Memorandum imzolandi

    Joriy yil 10-dekabrda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Hujjatni imzolash marosimi Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan Inson huquqlari uyida tashkil etilgan tantanali tadbir doirasida boʻlib oʻtdi.


    Memorandumni BMTTDning mamlakatimizdagi doimiy vakili Akiko Fudzii va Milliy markaz direktori Akmal Saidov imzoladi.

    Tomonlar oʻzaro hamkorlikning umumiy maqsadi shaffoflik va hisobdorlikni oshirish hamda inson huquqlariga hurmat bilan yondashgan holda biznes yuritish amaliyotini joriy etishga qaratilgan asosiy islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashishdan iborat ekanini qayd etdilar.

    Ushbu Memorandum qashshoqlik va tengsizlikka qarshi kurashishdan tortib, sifatli taʼlimni taʼminlash, gender tenglikni rivojlantirish, barqaror institutlarni mustahkamlash, odil sudlovga teng va adolatli erishish kabi ustuvor yoʻnalishlarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning aniq mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan.

    Maʼlumot uchun: dunyoning qariyb 170 mamlakatida global mavjudlikka ega boʻlgan BMTTD koʻp jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakat darajasidagi operativ boʻlinmasi vazifasini bajaradi. BMTTD barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash, qashshoqlikni tugatish, ayollar huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, oqilona boshqaruv va qonun ustuvorligini mustahkamlash maqsadida koʻplab mamlakatlar bilan hamkorlikda ish olib boradi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.